SIUT talabalari «Yangi Samarqand» tadbirkorlik web-portalini yaratmoqda

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da «Ishbilarmonlarning «Yangi Samarqand» - hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoat fondi» uchun maxsus on-line platforma yaratish bo‘yicha tanlov yakunlandi.

Unda universitetning «School of Computing» yo‘nalishi talabalari o‘zaro bellashdi. Ekspertlar guruhi taqdim etilgan loyihalarni nafaqat tashqi ko‘rinish (UX/UI-dizayn), balki tizimning funksionalligi va texnik imkoniyatlariga qarab baholadi.

Loyihaning asosiy maqsadi — viloyat tadbirkorlik muhitining raqamli brendini yaratishdan iborat. Portal uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) faoliyat yuritib, quyidagi muhim bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:

- korxonalarning interfaol ma’lumotlar bazasi;

- «Made in Samarkand» elektron katalogi;

- sanoat va ijtimoiy loyihalar reyestri;

- Start-up loyihalar va investorlar uchun maxsus bloklar.

Tanlov natijalariga ko‘ra, «School of Computing»ning 3-bosqich talabalari g‘olib deb topildi:

1-o‘rin: Avaz Yo‘ldoshev;

2-o‘rin: Hasan Zikriyoyev va Bahriddin Baxrilloyev;

3-o‘rin: Umedjon Sattorov.

Loyihani yuqori sifatda amalga oshirish maqsadida hakamlar hay’ati g‘oliblardan iborat yaxlit web-dasturchilar jamoasini shakllantirdi. Endilikda ushbu jamoa SIUT professorlari va xalqaro ekspertlar ko‘magida «Yangi Samarqand» portalini ishga tushirish jarayonini mustaqil amalga oshiradi.