Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etilganiga uch yil to‘ldi
![](https://static.zarnews.uz/crop/c/5/720__80_c5c30222394669e05492c170c9ec830f.jpg?img=self&v=1739275217)
Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turistik markazida bayrami tadbiri o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov, professor-o‘qituvchilar, universitetning xorijlik hamkorlari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev oliygohning tashkil etilishi hamda uch yil davomida erishilgan yutuqlar va kelajakdagi strategik rejalar haqida gapirdi.
Rektor yig‘ilganlarga universitet iftixori sanalgan, ta’lim jarayonida yuqori natijalarni qayd etgan 11 nafar eng iqtidorli talabani tanishtirib, ularga universitet tashakkurnomasi yozilgan sertifikatlarni topshirdi.
Shundan so‘ng N.Ibragimov, Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov, kompaniyalar guruhi birlashgan kasaba uyushmasi raisi Alim Yusupov, ta’lim va fan sohasidagi kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi Mahmud Boboyorov va boshqalar universitetdagi ta’lim jarayonlaridagi o‘ziga xos jihatlar, bitiruvchilarning respublikamiz iqtisodiyoti uchun yetuk mutaxassis bo‘lishlari haqida so‘z yuritdilar.
Sana munosabati bilan universitetning xalqaro hamkorlari - Global ta’lim konsorsiumi prezidenti Karolyn Bishop (AQSh), Shimoliy-Sharqiy energetika universiteti prezidenti Kai Guovay (Xitoy), Hankuk xalqaro tillar universiteti prezidenti - Jeong-Voon Park (Koreya Respublikasi), Xalqaro choy madaniyati jamg‘armasi rahbari Vang Xufeng (Xitoy), Tianjin fan va texnologiyalar universitetining xalqaro almashinuv departamenti direktori Vey Shenjun (Xitoy), San-Diego davlat universiteti professori Temple Nortup (AQSh) hamda Interaktiv robotlar va media laboratoriyasining asoschisi va direktori, dunyoda Arab tilida so‘zlashuvchi “Ibn Sino” nomli birinchi robot ixtirochisi – Nikolaos Mavridis o‘zlarining video-tabrik va qutlovlarini yubordi.
Tantanali tadbir milliy va xalqaro musiqiy kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.