Talabalar uchun "Xishrav" gidroelektrostansiyasida sayyor dars tashkil etildi
2023 yil sentyabr oyida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da Xitoyning nufuzli Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universiteti (Northeast Electric Power University, NEEPU) bilan hamkorlikda Xitoy energetika instituti (CIEP) tashkil etildi.
Ushbu institutda Xitoyning oliy ta’lim dasturlari asosida issiqlik energetikasi bo‘yicha zamonaviy va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda Xitoy enegetika institutining «Issiqlik energetikasi» yo‘nalishida 37 nafar talaba tahsil olmoqda.
SIUT o‘zining amaliy ta’limga yo‘naltirilgan yondashuvi orqali talabalarning kelajakdagi muvaffaqiyatini ta’minlashda davom etmoqda. shu maqsadda CIEP professori Li Xing Can va amaliy ta’lim bo‘limi boshlig‘i Elbek Amirxonov tashabbusi bilan Xitoy energetika institutining «Issiqlik energetikasi» yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun «Uzbekgidroenergo» AJ «Samarqand GES Kaskad» (Xishrav gidroelektrostansiyasi)da sayyor dars tashkil etildi.
Sayyor dars davomida talabalar elektr energiyasi ishlab chiqarishning zamonaviy usullari, gidroelektrostansiyalarining ishlash prinsiplari va energiya samaradorligini oshirish usullari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur sayyor darslar orqali talaba-yoshlarning energetika sohasidagi bilimlarini yanada chuqurlashtirish, nazariyada egallagan bilimlarini amaliy tajriba orqali boyitishni ko‘zda tutildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur sayyor darslar davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni doirasidagi ilg‘or tashabbuslarni hayotga tatbiq etishning yorqin namunasi bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya manbalari va tabiiy resurslardan samarali foydalanishni rivojlantirish maqsadlariga xizmat qiladi.