Samarqand xalqaro texnologiya universiteti – (SIUT) faoliyat boshlaganiga ikki yil bo‘ldi

Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, professor-o‘qituvchilar, universitetning xorijlik hamkorlari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2022 yil 4 fevralda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashkil etildi. Bundan maqsad - O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiya qilish uchun o‘zida ilg‘or muhandislik bilimlari mavjud bo‘lgan, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalarini egallagan yuqori malakali yangi mutaxassislarni tayyorlash edi.

- Ayni kunda ushbu murakkab vazifani bajarish uchun universitetda texnik ta’lim, xorij standartlari asosida muhandis kadrlarni tayyorlashning amaldagi tizimi tubdan isloh qilinmoqda, - deydi universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev. - Shu maqsadda mazkur ta’lim maskaniga Amerika, Polsha, Italiya, Hindiston, Janubiy Koreya va Janubiy Afrika kabi o‘nlab xorijning yetakchi ta’lim dargohlari va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va mahalliy mutaxassislar taklif qilingan.

Tadbirda xorijlik hamkorlar universitet jamoasini ikki yillik faoliyati bilan qutladi.

Tantanali tadbir milliy va xalqaro musiqiy kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.