Tadbirkorlik muhitida yangi davr: nazoratdan profilaktikaga, to‘siqlardan imkoniyatga

Joriy yil 18 avgustda Prezidentimizning Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan oltinchi ochiq muloqotida tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish, ularni bartaraf etish va tadbirkorlik sub’yektlari uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Muloqot davomida tadbirkorlik sub’yektlariga ortiqcha ma’muriy bosimni kamaytirish, tekshiruvlarni tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlarning huquqiy himoya kafolatlarini kuchaytirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda biznesning barqaror o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilandi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida davlat rahbarining «Tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
 
Faoliyatni tekshirishga uch yillik moratoriy
Farmon bilan kichik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etildi.
Moratoriy talablariga zid ravishda kichik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur talablarni buzgan mansabdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan.
Faqat jinoyat ishi doirasida, inson hayoti va sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, fuqarolar murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash hamda tadbirkorlik sub’yektini tugatish bilan bog‘liq ayrim tekshiruvlar mustasno etildi.
Bu yondashuv tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan nazoratni kuchaytirish emas, balki nazorat tadbirlarini aniq huquqiy mezonlar asosida amalga oshirish va tadbirkorlarning barqaror faoliyati uchun qulay sharoit yaratishni nazarda tutadi.
 
Tadbirkor huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmi
Farmon bilan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida «Samarali nazorat» tadbiri joriy etilmoqda.
Ushbu tadbir doirasida nazorat organlari tomonidan so‘nggi uch yilda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda o‘rganiladi. Agar o‘rganish jarayonida tekshiruvlarni o‘tkazishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlansa, Biznes-ombudsman tomonidan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan yoki noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda tadbirkorlik sub’yektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari amalga oshiriladi.
Bu esa nazorat organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, asossiz aralashuvlarning oldini olish va tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
 
Takroriy tekshiruvlar nazoratda bo‘ladi
Tadbirkorlarni asossiz ravishda bir masala yuzasidan qayta-qayta tekshirishning oldini olish maqsadida muhim huquqiy mexanizm belgilandi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab bir yil davomida tadbirkorlik sub’yekti faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv Biznes-ombudsmanning roziligi bilan amalga oshiriladi (kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno).
 
Haqlik prezumpsiyasi
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishda muhim huquqiy kafolatlardan yana biri tadbirkorlik sub’yektining haqligi prezumpsiyasi joriy etilishi bo‘ldi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha, tadbirkorlik sub’yekti qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan, deb hisoblanadi.
Davlat organi tadbirkorga nisbatan qabul qilgan qaror yoki qo‘llagan huquqiy ta’sir chorasining qonuniyligi, asosliligi va mutanosibligini, huquqbuzarlik sodir etilganligini isbotlashi lozim.
Qonunchilikda bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, davlat organi keltirgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga kelgan shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinishi belgilanmoqda.
 
«Birinchi xato uchun ogohlantirish»
Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llashda yangi yondashuv - 2027 yil 1 yanvardan «Birinchi xato uchun — ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. 

Agar tadbirkor birinchi marta qoidabuzarlik sodir etgan bo‘lsa va bu holat fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, unga darhol jarima qo‘llash o‘rniga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
Bu tadbirkorni jazolashdan ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qonunchilik talablariga rioya etishini ta’minlashga qaratilgan profilaktik mexanizm hisoblanadi.
 
Profilaktik audit
2027 yil 1 yanvardan 2028 yil 31 dekabrga qadar huquqiy eksperiment doirasida tadbirkorlar o‘z tashabbusiga ko‘ra auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliqlar va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash hamda to‘lash bo‘yicha auditdan o‘tishi mumkin.
Agar audit natijasida aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorlik sub’yektiga moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi. Audit o‘tkazilgan davr uchun, qonunchilikda belgilangan istisnolardan tashqari, soliq auditi o‘tkazilmasligi nazarda tutilgan.
 
Litsenziyalash va ruxsat berish tartiblari soddalashtiriladi
Farmonda 30 dan ortiq litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish yoki tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish, litsenziya va ruxsat berishdagi byurokratik jarayonlar, muddatlar va to‘lovlarni qisqartirish, talab va shartlarda huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda «Litsenziya» axborot tizimi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qonunchilik hujjati loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjatni rad etish masalasida ham aniq tartib belgilanib, rad etish asoslari qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bilan cheklandi. Talabgor rad etishga sabab bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega.
Bu esa litsenziyalash jarayonida huquqiy aniqlik va shaffoflikni ta’minlash, tadbirkorlarning ortiqcha byurokratik to‘siqlarga duch kelishining oldini oladi.

«Ikkinchi imkoniyat»
Farmon bilan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari uchun «Ikkinchi imkoniyat» iqtisodiy amnistiyasi ham nazarda tutilgan.
Belgilangan shartlar asosida 2026 yil 31 dekabrga qadar to‘liq to‘langan soliq qarzi bo‘yicha hisoblangan penyani hisobdan chiqarish va u bilan bog‘liq ijro ishlarini tugatish imkoniyati berilmoqda.
Soliq hisobotlariga mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qo‘shimcha hisoblangan soliq summasi belgilangan muddatda to‘liq to‘langan taqdirda, ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmasligi nazarda tutilgan.
Mazkur mexanizm tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z faoliyatidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etib, qonuniy faoliyatini yanada barqaror davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Biznes uchun yangi muhit
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash faqat moliyaviy ko‘mak, imtiyoz yoki subsidiyalar bilan cheklanmaydi.
Bugungi kunda biznes uchun barqaror huquqiy muhit, ortiqcha tekshiruvlarni cheklash, davlat organlari qarorlarining qonuniyligi va asosliligini ta’minlash, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish, profilaktikaga ustuvorlik berish hamda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhim vazifalar sifatida belgilanmoqda.
Muhimi, mazkur islohotlarning samarasi qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, balki ularning amaliyotda qanday ishlashi, tadbirkorning o‘z huquqlarini qanchalik erkin amalga oshira olishi, asossiz ma’muriy to‘siqlarning kamayishi va davlat organlari bilan munosabatlarda qonuniylikning ta’minlanishi bilan namoyon bo‘ladi.

Shavkat HAMDAMOV,
Biznes-ombudsmanning viloyatdagi shu’basi yetakchi inspektori.