Samarqand xalqaro texnologiya universitetida «Amerika burchagi» tashkil etiladi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga (SIUT) Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik hamda delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan yuqori martabali mehmonlar tashrif buyurdi.
Elchixona tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim, innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev oliy martabali mehmonlarga universitetning tashkil etilishi tarixi, faoliyati, erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlar hamda kelgusi rejalar xususidagi taqdimotni namoyish etdi. SIUTda dunyoning 16 mamlakatidan ta’lim jarayoniga taklif etilgan 35 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi, ularning orasida 10 nafari universitetdagi mehnat sharoitlarini yuqori baholovchi AQShlik professor-o‘qituvchilardir.
Shuningdek, uchrashuv davomida universitetning yangi kampusida SIUT va AQSh universitetlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan «Amerika burchagi»ni ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. «Amerika burchagi»ning ochilishi Samarqand shahri, viloyat va uning atrofidagi hududlar aholisiga Amerika urf-odatlari, qadriyatlari, madaniyati va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Tomonlar, shuningdek, akademik faoliyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha AQShdan O‘zbekistonga o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha Fulbrayt dasturi (Fulbright Specialist Program) ni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tashrif davomida janob elchi va unga hamrohlik qilayotgan yuksak martabali mehmonlarga «Samarqand jahonning har bir qit’asida» loyihasi doirasida «Amerika Samarqandiyonasi» noyob fotoko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Buyuk fan va madaniyat namoyandalari, Nobel mukofoti sovrindorlari, AQSh fuqarolarining samarqandliklarga yo‘llagan tilaklari va imzolari yozilgan stend elchida katta taassurot qoldirdi. Ta’kidlash joizki, yuqorida aytilgan va boshqa yuzlab xat va maktublarning asl nusxalari SIUT muzeyida saqlanadi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim bosqich hamda Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmog‘i ehtiyojlarini qoplashga yo‘naltirilgan muhim va mas’uliyatli maqsadni amalga oshirish uchun SIUTda jahon andozalari darajasidagi mutaxassislarni tayyorlashga intilishning in’ikosi bo‘ldi.