Tramp AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) nomini Urush vazirligi nomiga o‘zgartirmoqchi

U bu ishni to‘liq va rasman qilishi dargumon, chunki buning uchun Kongress roziligi kerak, Kongressdagi demokrat deputatlar esa buni tasdiqlamasligi aniq. Yangi nom muqobil (ikkinchi) nom sifatida ishlatiladi.

 Tramp ma’muriyati bu o‘zgarish AQSh mudofaalanuvchi davlat emas, hujum qilishga tayyor va qodir davlat ekani haqida dushmanlarga kuchli signal bo‘lishini ta’kidlayapti. Ya’ni, Vashington endi o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun keskin chora ko‘ra oladi.

Trampning bu gaplari 1935 yilda xuddi shu ishni qilgan Gitlerning gaplarini takrorlayapti. Gitler ham 1935 yilda Reyxsvorministerium (Mudofaa vazirligi)ni Reichskriegsministerium (Urush vazirligiga) o‘zgartirgan. U bu qarorini “biz endi faqat mudofaa qilmaymiz, balki Germaniyaning ulug‘vorligini qayta tiklash uchun jang qilamiz”, deya tushuntirgan.

Urush vazirligi Birinchi jahon urushigacha barcha davlatlarda ishlatilgan nom. Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlar boshqa bunday qirg‘inbarot bo‘lmasligini ta’kidlash uchun Urush so‘zini Mudofaaga almashtirgan.

Trampning keyingi qadami AQShda majburiy harbiy xizmatni tiklash bo‘lsa ajab emas (1973 yildan beri Amerika armiyasiga faqat ko‘ngillilar boradi). Chunki, Gitler 1935 yildan majburiy harbiy xizmatni ham tiklagan.

Bitta so‘z o‘zgarishi AQShni qanchalik “buyuk” qiladi — noma’lum. Ammo bu so‘z o‘zgarishi byudjetni yaxshigina "shiladi". Yangi hujjatlar, yangi forma, shevron, yangi boshqarma nomlari va hokazolar qilinishi kerak.