OTMga kirish imtiyozi jamiyatni tabaqalarga ajratib, ta’lim sifatini pasaytirib yuboradi
«Barcha insonlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinishi huquqiga egadirlar», deyiladi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida. Respublikamizning Asosiy qonunida ham «Har kim bilim olish huquqiga ega»ligi mustahkamlab qo‘yilgan. Davlatimiz ham albatta, bu borada ko‘p tadbirlarni amalga oshirmoqda, yangi maktablar, oliy ta’lim muassasalari, chet davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallari ochilmoqda. Bu jarayonda jamoatchilikning diqqatini qaratmoqchi bo‘lganimiz, bu talabalikka qabul bosqichidagi tobora ildiz otayotgan imtiyozlar masalasidir.
«Imtiyoz – qonunning ashaddiy dushmanidir», degan edi avstriyalik adiba Ebner Eshenbah (1837-1898). Bu juda to‘g‘ri, o‘z o‘rnida aytilgan fikr. O‘zbek tilining izohli lug‘atida Imtiyozga ortiqcha huquq, yengillik, tafovut, farqlash, deb ta’rif berilgan. Yuridik ensiklopediyalarda ham imtiyoz – afzalliklar berish, umumiy qoidalar, majburiyatlarni bajarishdan qisman ozod qilish, deb O‘rta asrlarda tabaqalarga beriladigan tegishli imtiyozlarning juda rivojlanganligi ko‘rsatilgan.
Imtiyoz – go‘yo ikki uchli tayoqqa o‘xshaydi. Chunki tayoqning bir tomoniga quvvat berilsa, ikkinchi tomoni zaiflanishi mumkin. Balki shunday imtiyozlarning bo‘lishi yomon emasdir. Ular orqali jamiyatimizning ma’lum qismi qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantirilib turilar, pandemiya sharoitida bu to‘g‘ridir. Ammo oliy ta’lim qabuli tizimida imtiyozlarning mavjud bo‘lishi, jamiyatni tabaqalarga ajratib, ta’lim sifatini pasaytirib, oliy ta’lim obro‘sini tushirib yubormaydimi?
Ma’lumki, OTMlarga qabul jarayonida dastlab 16 imtiyoz, «Temir daftar»ga kiritiladigan oilalar farzandlariga ham joriy etilsa 17 imtiyoz, iqtisodiy ta’minlangan oilalarning bolalari esa 18 imtiyoz, ya’ni orttirilgan kontrakt, yetishmagan bilimini pul bilan to‘ldirish imtiyozlari (aslida buni o‘ziga xos «jarima» deb ham atash mumkin) bor. Davlatimizning o‘zi oliy ta’lim tizimini eng korrupsiyalashgan sohalardan biri ekanligini ta’kidlab unga qarshi kurashib turganida, bunday imtiyozlarni jamiyatning bir qism a’zolariga yoyilishi fikrimizcha bir qancha salbiy oqibatlarga olib kelishi ham mumkin.
Birinchidan, yetuk mutaxasislar tayyorlash ishiga putur yetkaziladi.
Ikkinchidan, bu mamlakatimizda barcha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va imkoniyatlarda tengligi borasidagi qonun-qoidalarga zid. Chunki imtiyozlar qonunosti aktlari bilan ta’sis etilib, jamiyat a’zolarining bir qismigagina yoyilmoqda.
Uchinchidan, imtiyozga tushmagan fuqarolarning huquqlari buzilishiga sabab bo‘lib, ular o‘zlarini imkonsiz, kamsitilgandek his qilishlari tufayli, g‘ayriqonuniy yo‘llarni ham axtarishlari mumkin. Afsuski, bunday holatlar ham yuz berib turibdi.
To‘rtinchidan, talabalikka tanlov yo‘li bilan qabul qilish, erkin raqobat muhitini yo‘qqa chiqaradi.
Beshinchidan, imtiyoz berishi mumkin bo‘lgan jarayonlarda ham turli huquqiy buzilishlar, aylanib o‘tishlar yuz berishi oqibatida, unga loyiqlar qolib, loyiq bo‘lmaganlar ham sazovor bo‘lishlaridan jamoatchilikning xabari bor.
Yoki harbiy qismlardan beriladigan tavsiyanomalarni oling. Axir O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish Konstitutsiyamizning 52-moddasida «Fuqarolar belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar», deb mustahkamlab qo‘yilgan. Tavsiyanomalarning salbiy oqibatlarga ham olib kelayotganligi ham oz emas.
Uzoqqa bormasdan 2020-2021 yil qabuliga murojaat qilsak. Harbiy qism tavsiyasi bilan o‘qishga kiruvchilar hatto, xizmat qilmaganlar «xizmat qilgan», deb tavsiyanoma olgan bo‘lsa, buyog‘iga nima deysiz?
Bu borada ilgarigidek «ball imtiyozi» bermaydigan xizmat tavsiyanomasi berish, o‘qishga kirganga esa, iqtisodiy imtiyozlar berilishi tarafdorimiz. Yuqoridagilardan tashqari oliy ta’lim tizimida yarim asrdan oshiq tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, turli imtiyozlar orqali OTMga qabul qilingan talabalar aksariyat hollarda uni oqlay olmay o‘qishga qiynaladi. Masalan, 2017-2018 o‘quv yilida harbiy qism tavsiyanomasini olib, 286,2 ball to‘plagan talaba N. «Ma’naviyat va huquq» ixtisosligiga o‘qishga kirgan bo‘lsa-da, birinchi kurs fanlarini bir yarim yil mobaynida qarzdor bo‘lib, bazo‘r topshirgan.
Shunday imtiyozlardan yana biri cho‘l tumanlarida 3 yil yashasa, beriladigan imtiyozlardir. Agar shu tartibda fikrimizni davom ettirsak, uzoq qishloqlar, tog‘, tog‘oldi, chekka joylardagi «tomidan qamish osilib turgan» maktablarni bitirgan, paxta monopoliyasidan, tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan tumanlarda o‘qigan o‘qishga kiruvchilarga ham imtiyozlar berilsa, adolatdan bo‘lmaydimi?
YuNISEF ma’lumotlariga qaraganda, O‘zbekistonda shahar hududida yashovchilarning qishloqdagilarga qaraganda oliy ta’lim olish ko‘rsatkichi 2 baravar yuqori.
Mana endi yana bir imtiyoz joriy etilmoqda: 6 yil mobaynidagi yetuklik attestatiga qo‘yilgan baholar hisobga olinar ekan, shunga yaqin bir imtiyoz sobiq sho‘rolar davrida joriy qilinib, keyinchalik bekor qilingan edi. Bu maktablarda bilim berish «besh olish» poyga-marafonini tug‘dirmaydimi? Agar o‘qishga kiruvchining guvohnomasidagi baholari haqiqiy bo‘lsa, u testdan yuqori ballni o‘zi ham olib chiqishi mumkinku?!
Shuningdek, farzandlarimiz imtiyozlarda keltirilgan shu quvonarli muvafaqiyatlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu nur ustiga nur. Davlatimiz, tomonidan bir marta yaxshi rag‘batlantirilgan holda yana qaytadan «o‘qishga kirish bali» bilan taqdirlash shartmi?
Axir otasi harbiy bo‘lmaganligi - armiya, bojxona yoki ichki ishlarda ishlaganligi, chӯl tumanlarida, So‘xda yashamagan bo‘lsa, o‘qishga kiruvchi aybdor emasku? Agar chet tilidan guvohnomasi (sertifikati) bӯlsa, yoki matematikadan jahon olimpiadasi sovrindori bo‘lsa va hakazo… Bu haqiqiy bo‘lsa «Kirish bali bo‘yicha imtiyoz» nimaga kerak? U shunday ham barchani xuddi olimpiadadagidek qoyil qoldirib, o‘rnak bo‘lib, lozim bo‘lgan balni olib chiqishi kerak-ku?! Bu borada chet ellardagi misollarga murojaat qilsak, AQShda bir vaqtlar «Qora tanlilar oliy o‘quv yurtlarida kamroq bo‘lib qoladi. Ularning o‘qishga kirishlarida imtiyozlar berish kerak», deb hisoblab imtiyozlar joriy etilgan ekan. Ammo biroz vaqt o‘tgach, ularning ta’lim jarayonidagi faolligi susayganini anglagach, «Nima uchun negrlar kamsitilmoqda», deb bu tizim bekor qilingan ekan.
Ilgari va hozirda ham paxtakor bo‘lgan qishloq va tumanlarda tarbiyalanib, qishloq maktablarini bitirganlarning pullik, orttirilgan shartnomalar bo‘yicha, oliy ta’lim olish uchun o‘qishga kirish imkoniyatlari yildan-yilga pasayib borayotganligi ham kӯzga tashlanmoqda. «25-30 yoshdagilarning atigi 3 foizi oliy ma’lumot olishga muvafaq bo‘lgan bo‘lsa, yuqori daromadli uy xo‘jaliklarida ushbu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil qilmoqda» (YuNISEF).
Yuqoridagilarga asoslanib, oliy ta’lim tizimidagi ellik yillik o‘qituvchilik tajribalariga suyangan holda, asosan o‘qishga kiruvchilar uchun quyidagilarga imtiyozlar berish bilan chegaralanish lozim, deb hisoblaymiz:
- OTMga o‘qishga kirish uchun ball va iqtisodiy imtiyozlar I, II guruh nogironlariga;
- Ota-onalari jamiyat, xalq, davlat manfaatlarini himoya qilish, favqulodda holatlar, tabiiy ofatlarning oldini olishda halok bo‘lgan kishilarning farzandlariga davlat granti imtiyozi berilishi;
- Davlat mukofotlarini olgan («Zulfiya», «Nihol» kabi) xalqaro, respublika fan, sport olimpiadalarining g‘olibi bo‘lgan OTMga kiruvchilar har qanday tahsinga loyiq. Agar haqiqatdan shunga loyiq bo‘lgan bo‘lsa, davlat testidan ham yuqori ball olib uni oqlay oladilar.
Rim huquqida shunday qoida bor «Yolg‘on hukmlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Ammo haqiqat bitta». Bu o‘rindagi haqiqat o‘z bilimini isbot qilishidir. Ana shunday iqtidorli, imtiyoz olishi nazarda tutilgan yoshlarimizning iqtisodiy jihatdangina (shartnoma, stipendiya masalalarida) qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq.
- Kirish test savollari eng avvalo, maktablarda o‘qitiladigan dasturlar doirasidan, mavzulardan chetga chiqmasdan, murakkablashtirilmasdan, soddaroq, tushunarli qilib ishlab chiqilishi lozim. Chunki professor O.Madayevning: «Testni farzandi yo‘q odam tuzgan, shekilli», deb bergan salbiy bahosi ham unutilgani yo‘q. Umuman, test o‘rniga yozma imtihonlar: bayon, insho, masala yechishlarni joriy etishni ham o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Oliy ta’lim olish uchun tayyorlanib, harakat qilgan kishi albatta, o‘z maqsadiga erishadi. Buning uchun o‘zgalarning huquqini buzish shart emas, OTMga qabul jarayonidagi imtiyozlarning ko‘pi asosiy qonunimiz va mavjud joriy qonunlarga zid.
Ziyodulla MUQIMOV,
professor, oliy ta’lim faxriysi.