Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalariga qancha davlat granti ajratildi?
Respublika Prezidentining tegishli farmoyishi bilan 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (granti) parametrlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Samarqand davlat universitetiga jami 900 nafar, shundan Samarqand shahriga 645 nafar, Kattaqo‘rg‘on filialiga 120 nafar, Urgut filialiga 135 nafar talaba davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutiga 450 nafar, Samarqand davlat chet tillar institutiga 490 nafar, Samarqand davlat tibbiyot universitetiga 440 nafar, Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga 120 nafar, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiga 420 nafar, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga 535 nafar, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga 82 nafar, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Samarqand filialiga 150 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga 50 nafar, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga 175 nafar talaba bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar:
- tizimida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda;
- moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlari Kuzatuv kengashlari tomonidan 20 iyunga qadar tasdiqlanadi.