Bakalavriat bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi

“Ta’lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisi 2024 yilda quyidagilarni amalga oshiradi, jumladan:
➖pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilish;
➖professional ta’limdan so‘ng oliy ta’limni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, 3 yillik ta’lim dasturlari asosida amaliy bakalavriat bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
➖ta’lim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

2024 yil 1 sentyabrgacha o‘quvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimi xalqaro tajribalar asosida takomillashtiriladi.

2024–2025 yillarda:
🔹Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori – Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, ta’lim dasturlari esa – yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtiriladi;

🔹kamida 14 ta professional ta’lim muassasalarining faoliyatiga tajriba-sinov tariqasida xalqaro ta’lim dasturlari, kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga – zamonaviy boshqaruv usullari va ta’lim sifatining yuqori standartlari joriy qilinadi;

🔹pedagogika, qishloq va suv xo‘jaligi, texnika, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyot sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi ta’minlanadi.