Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

OTMga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlardan xabardormisiz?

Keyingi yillarda abituriyentlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar qo‘llanilmoqda. Ammo hamma ham kimlar imtiyozdan foydalana olishi mumkinligini bilmaydi. Keling, imtiyozlarning turlari va kimlarga berilishi haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Imtihonsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida kimlar talabalikka tavsiya etiladi?
- harbiy qism qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasi bilan har bir harbiy qismdan bir nafardan yosh harbiy xizmatchi;
- xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tashkilotlar harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlari, ichki ishlar tizimi xodimlarining farzandlari;
- Olimpiya, Paraolimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarida oxirgi 4 yilda g‘olib bo‘lgan sportchilar;
- Respublika (1-o‘rin) va xalqaro (1-5-o‘rinlar) shaxmat va shashka turnirlarida g‘olib chiqqan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari bitiruvchilari;
- Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti sohiblari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindorlari;
- “Xalq cholg‘ulari ijrochilari”, “Milliy raqs ijrochilari” va “Yosh maqom ijrochilari” tanlovlarining bir nafardan g‘oliblari;
- “Tarbiyachi”, “Hamshira” respublika tanlovi g‘oliblari;
- Yoshlar ittifoqi faollari tavsiyanoma asosida hududiy OTMlarning pedagogika yo‘nalishlariga grantga kiradiganlar;
- xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari;
- Prezident maktabi bitiruvchilari.

Imtihonsiz, kontrakt asosida kimlar talaba bo‘lishi mumkin?
- Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilari kimyo, biologiya, fizika va AKT sohalariga qabul qilinadi;
- Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari bitiruvchilari;
- “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari;
- Ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan profilaktika (katta) inspektorlari.

Kimlar tegishli fan bo‘yicha imtihondan ozod etiladi va ma’lum miqdorda ball beriladi?
- respublika fan olimpiadalarining 1-3-o‘rin sohiblariga g‘olib bo‘lgan fani bo‘yicha maksimal ball beriladi;
- chet tili bo‘yicha belgilangan darajadagi xalqaro va milliy sertifikatga ega abituriyentlar uchun shu fandan maksimal ball beriladi;
- musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishi bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari mutaxassislik fanidan maksimal ball oladi;
- “Bolalar sport o‘yinlari”ning g‘oliblariga belgilangan fan bo‘yicha maksimal ball beriladi;
- umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlarga sertifikatdagi baliga mos proporsional ball hamda 86 foiz va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentga eng yuqori ball beriladi.

To‘plangan ballga qo‘shimcha ball beradigan imtiyozlar qaysilar?
- “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy yo‘nalishlar uchun o‘zlari to‘plagan balga 30 foiz, boshqa OTMlarga topshirganda 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ball beriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga harbiy yo‘nalishlar uchun o‘zlari to‘plagan balga 30 foiz, boshqa OTMlarga topshirganda 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ball beriladi.

Bahrom Islomov,
Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati shu’basi xodimi.