Super-kontrakt kimga foydayu kimga zarar?
2019 yil Davlat qabul komissiyasi oliy ta’lim muassasalariga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga ruxsat bergan edi. Dastlab yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar uchun super-kontraktni birinchi, ikkinchi va uchinchi yo‘nalishda ham o‘qishga ruxsat berildi. Bunda o‘qish istagida murojaat etgan abituriyentlarning arizalariga muvofiq, to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda o‘qishga qabul qilish belgilandi. Ya’ni o‘qishdan yiqilib, kontraktning kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmagan hamda 56,7 dan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlandi.
Agar abituriyent to‘plagan ball 1 ballgacha yetmagan bo‘lsa 1,5 barobar, 1.1 balldan 2 ballgacha yetmagan bo‘lsa 2,0 barobar, 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar 2,5 barobar, 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar kontrakt miqdorining 3,0 barobari miqdorida to‘lashi belgilandi.
56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda to‘lash joriy etildi.
2020 yilga kelib abituriyentlar uchun yanada yengillik berildi, ya’ni ular istalgan beshta yo‘nalishdan birida super-kontraktda o‘qishi mumkin bo‘ldi. Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari super-kontrakt miqdorini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ldi.
Bunday tartib otasining puli ko‘p, ammo bilimi yo‘q abituriyentlarga qo‘l keldi. Eng yomoni, abituriyent test sinovida qatnashib, 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkinligi farzandini kelajakda rahbar qilmoqchi bo‘lgan ayrimlar uchun qo‘l keldi. Masalan, o‘tgan yili Samarqand davlat universitetining yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishiga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni istovchilar 1 mlrd so‘mgacha kontrakt pul to‘lashga roziligini bildirgan. Biroq bu toifa talabalar shuuriga talab darajasida bilim singdirish mushkul. Natijada oliy ta’lim muassasasi rahbarlari ushbu ta’lim yo‘nalishini yangi o‘quv yilidan yopishga qaror qilgan.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt joriy etilgach, bilimli va bilimsiz abituriyent ham davlat oliy ta’lim muassasasida, tag‘in bir guruhda o‘qish imkonini qo‘lga kiritdi. Hech kimga sir emas, bizda amaldagi an’anaga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan talaba, albatta diplom oladi, ya’ni bilimsizligi uchun o‘qishdan haydalmaydi. Masalan, o‘tgan yili Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qishdan haydalgan 200 nafardan ortiq talaba yuqori tashkilotlarga arz qilgach, bitta imtihon bilan hammasi yana o‘qishga tiklandi. Asl haqiqat shundaki, bizda o‘qishga kirish qiyin, ammo bitirish oson.
Shuningdek, o‘tgan yildan boshlab deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimi joriy etila boshlandi. Kredit-modul tizimining afzalligi talaba imtihondan o‘tolmasa, unga ikkinchi marta imkon beriladi. Faqat bunda talaba biroz to‘lovni amalga oshirishi kerak. Ikkinchi marta ham o‘tolmasa, unga yana imkon beriladi, bu safar talaba ko‘proq pul to‘laydi. Xullas, kredit-modul tizimi talabani o‘qishdan haydamaydi. Talaba qachon barcha qarzlarini yopsa, keyin unga diplom beriladi. Eshitishimcha, keyingi safar ko‘proq pul to‘lamaslik uchun ba’zi talabalar birinchi imtihon oldidan domla bilan “kelisharkan”. Shundan keyin talaba kompyuterda imtihon topshirsa ham o‘tarkan. Mabodo, talaba imtihondan yiqilib qolsa, darhol dekan o‘rinbosariga aytsa, Hemis tizimi yopilmasdan bahosini o‘zgartirib berisharkan. Xullas, kredit-modul tizimini ham o‘zimizga moslab oldik. Agar shamol bo‘lmasa, bu kabi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan bo‘lardi.
Bundan buyon talaba super-kontrakt asosida o‘qiydimi yoki davlat granti asosidami farqi yo‘q, o‘qishdan haydalmaydi. Endi o‘zingiz o‘ylang, super-kontraktda o‘qib, diplom olgan bilimsiz o‘qituvchi bolalarga ta’lim bersa, bilimsiz quruvchi baland qavatli uylar quradi, bilimsiz shifokor esa odamlarni davolaydi. Xo‘sh, super-kontraktda o‘qigan, bilimsiz shifokorning qo‘lida kim davolanishni istaydi? Bilimsiz quruvchi qurgan uyda kim yuragi dov berib yashaydi? Bilimsiz o‘qituvchiga kim bolasini ishonib topshiradi? Bugun bu masalani rahbarlar ham tushunib yetyapti.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ommaviy axborot vositasi xodimiga “Tibbiyot yo‘nalishidagi super-kontrakt masalasida fikrim ijobiy emas”, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot sohasiga kirishda super-kontraktni butunlay yo‘qotish bo‘yicha hukumatga taklif kiritilgan. Ammo, hali natija yo‘q. Boshqa soha vazirlari esa jim.
To‘g‘ri, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt o‘qishga kirishda bir, ikki ball yetmaganlar uchun joriy qilindi, go‘yo. Ammo bundan umuman kitob ochib ko‘rmaganlar samarali foydalanmoqda. Sababi, bir yoki ikki ball yetmaganlar yana bir yil tayyorlanib, davlat granti asosida o‘qishga kiryapti, lekin abituriyent haqiqatda tayyorlangan bo‘lsa, super-kontraktda o‘qishni istamayapti.
Shuningdek, masalaning ikkinchi tomoni ham bor, undan tushadigan pul mablag‘i oliy ta’lim muassasasining o‘zida qoladi. Nazarimda shu nuqtai nazardan super-kontraktda o‘qishga ruxsat berildi. Yaqinda Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlaridan biri bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bir yilda bir nafar talabaga ketadigan sarf-xarajat kamida 12,5 million so‘mligini aytdi. Ammo, uch yildan beri kontrakt summasining 7 million so‘mdan oshirilmayotgani oliy ta’lim muassasalariga ziyon bo‘layotgani, qolgan summani ular super-kontraktda o‘qishga kirganlar hisobidan qoplayotganini bildirdi.
Haqiqatda uch yildan buyon narx-navo necha marta oshdi, ammo davlat oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt miqdori oshirilmadi. Narx-navoni bunday sun’iy ushlab turish baribir bir kun kelib “isitmasi”ni oshkor qiladi.
Bugun xususiy oliy ta’lim muassasalari ham ko‘paymoqda. Ulardagi o‘rtacha kontrakt to‘lov miqdori 20 million so‘mni tashkil etadi. Hukumat xususiy oliy ta’lim muassasalaridagi narx-navoni sun’iy ushlab turolmaydi, sababi, ular bozor iqtisodidan kelib chiqqan holda kontrakt summalarini belgilagan. Aks holda faoliyat yuritolmaydi. Shuningdek, xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish unchalik ham qiyin emas. Ba’zilari kontrakt summasini to‘lagan talabgorni imtihonsiz qabul qilayapti. Xo‘sh, shunday ekan puli boru bilimi pastroq abituriyentlar xususiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi mumkin. Endi davlat oliy ta’lim muassasalaridan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini olib tashlasa ham bo‘ladi. Bunda nafaqat tibbiyot oliygohlari, balki boshqa sohalarda ham jamiyatimizga yetuk mutaxassislar zarur. Shunday ekan, bu masalaga panja orasidan qaramaylik.
To‘g‘ri, xorijiy davlatlarda imtihondan o‘tgan talaba belgilangan kontrakt summasini to‘lab o‘qiydi. Ularda ham kontrakt summalari qimmat, hamma ham farzandini o‘qitishga qurbi yetmaydi. Ammo davlat mana shunday oilalarning farzandlariga qarz beradi. Talaba o‘qishni bitirib, ishga kirgach, uning maoshidan ma’lum foizi bankdagi qarziga ushlanadi. Yaxshi tomoni, xorijda bizdagidek tanish-bilish degan tushuncha yo‘q. Shuning uchun ham o‘qishga kirganlarning 50 foizi oliy ta’lim muassasasini bitirolmaydi. Bizda qaysi oliy ta’lim muassasasi 50 foiz talabani o‘qishdan haydayapti? Loaqal 20 foiz talabasi diplom ololmagan oliy ta’lim muassasasini eshitganmisiz? Yo‘q, albatta. Mana shu oddiy arifmetikadan ham bizda diplom olish qanchalik osonligini bilsak bo‘ladi.
Bugun davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilayotgan ekan, oliy ta’limda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini bekor qilish soha rivojiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Shuningdek, davlat grantlarini ko‘paytirib, kontrakt summasini bugungi narx-navo talabidan kelib chiqqan holda belgilash maqsadga muvofiq. Kontrakt pulini to‘lay olmaydigan talabalarga davlat ta’lim krediti ajratib beryapti, buni yanada takomillashtirish kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham davlatimiz ravnaqi, xalqimiz ertangi farovonligi yo‘lida o‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urmaylik.
Xurshida ERNAZAROVA.