OTMlarga kirish uchun test sinovlari dam olish kunlari, yopiq inshootlarda o‘tkaziladi
Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida vazirlik huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatidagi tizimli muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 2023/2024-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarini tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, agentlik tomonidan har yili 60 ga yaqin turdagi test sinovlari amalga oshirilib, ularda 2 mln. dan ortiq talabgorlar ishtirok etadi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jami 15 dan ortiq turdagi test sinovlari o‘tkazildi va ularda 140 ming nafardan ortiq talabgor ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha 1 180 nafar talabgorning ta’lim hujjatlari ko‘rib chiqildi, ta’lim sohasi tashkilotlari tomonidan berilgan 5 510 ta rasmiy hujjatga apostil qo‘yildi.
Test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan alohida binolarning mavjud emasligi sababli o‘tkazilayotgan aksariyat test sinovlari ta’lim muassasalari o‘quv binolarida ta’lim jarayoniga xalaqit qilmaslik uchun haftaning dam olish (shanba va yakshanba) kunlarida o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda, shuningdek, agentlik faoliyatiga doir o‘z yechimini kutayotgan masalalar, xususan, joylarda test sinovlarini yil davomida o‘tkazish uchun katta sig‘imli binolarni qurishdagi ayrim kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha takliflar berildi. Mutasaddilarga optik skaner va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishni tezlashtirish topshirildi.
2023/2024-o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.
Shuningdek, test sinovlari o‘tkaziladigan 15 ta umumta’lim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) tillardan 2 400 ta test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 8 956 nafar talabgordan 4 000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.