OTMga kirishda kimlarga imtiyozlar beriladi?

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish va talabalik baxtiga muyassar bo‘lish har bir abituriyentning orzusidir. Joriy 2026-2027 o‘quv yilida ham hukumatning tegishli qarorlariga asosan muayyan toifadagi abituriyentlarga keng imkoniyatlar va imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Xo‘sh, bu yil kimlar imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadi va imtihon jarayonlari qanday tashkil etiladi? Quyida shu haqida batafsil ma’lumot beramiz.

  1. Tavsiyanoma va alohida yutuqlarga ega abituriyentlar

Harbiy qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, shuningdek, turli sohalarda davlat va xalqaro miqyosda yutuqlarga erishgan quyidagi abituriyentlar imtiyozdan foydalanishlari mumkin:

  • Harbiy va huquqni muhofaza qilish organlari: harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari;
  • Sport va ilm-fan g‘oliblari: Respublika va xalqaro sport musobaqalari, shaxmat va shashka turnirlari, shuningdek, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
  • Davlat mukofoti va tanlovlar sohiblari: Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti sohiblari, Madaniyat vazirligining respublika ko‘rik-tanlovlari, “Tarbiyachi” hamda “Hamshira” respublika tanlovlari g‘oliblari;
  • Faol yoshlar va iqtidorlar: O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolari, Prezident maktablari bitiruvchilari hamda xalqaro SAT sertifikatiga ega abituriyentlar.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar uchun imtiyozlar:

  • Agentlik tizimidagi ijod maktablari bitiruvchilari;
  • Respublika fan olimpiadalari va “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari;
  • “A-level” hamda “International Baccalaureate” sertifikatlari egalari;
  • Chet tili hamda umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyentlar;
  • Musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari;
  • “Bolalar sport o‘yinlari”ning respublika bosqichi g‘oliblari.
  1. To‘plangan ballga nisbatan qo‘shimcha ball beriladigan toifalar

Test sinovlarida to‘plagan balliga qo‘shimcha ball qo‘shib berilish huquqiga ega bo‘lgan abituriyentlar:

  • “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari;
  • Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchilari;
  • Ichki ishlar akademik litseyi bitiruvchilari;
  • “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari.
  1. Qo‘shimcha kvota doirasida tanlovda ishtirok etuvchilar

Umumiy kvotadan tashqari, ajratilgan qo‘shimcha joylar (kvotalar) uchun quyidagi toifa vakillari bellashadilar:

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar;
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar;
  • Olis cho‘l hududlari aholisi va o‘rmonchilar hamda ularning farzandlari;
  • Harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari;
  • Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar;
  • Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) xodimlari.

Xotin-qizlar va hududlar uchun alohida imkoniyatlar:

  • Besh yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumoti bo‘lmagan xotin-qizlar;
  • “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan abituriyentlar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda u yerdagi umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va professional (kasbiy) ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar.

Keltirilgan ma’lumotlar 2026-2027 o‘quv yili uchun o‘rinli bo‘lib, hukumatning tegishli qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilgan yoki ular o‘z kuchini yo‘qotgan taqdirda, imtiyozlarning qo‘llanishi o‘zgarishi mumkin.

Vohid SIRLIBOYeV,

Bilim va malakalarni baholash agentligi

Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.