Bugunning gapi: G‘urbatdan farog‘at izlamang yoxud o‘g‘il-qizingizni nega yosh uyli-joyli qilyapsiz?
- Hoy, Latofatxon, maktablaringni bitirayotgan esli-hushli qizlardan yo‘qmi? O‘g‘limga kelin qidiryapman-da.
- E, opajon. Men aytmay, siz eshitmang. Hozirgilar anoyi emas. O‘g‘li yoki qizi maktabni bitirmasidanoq ikki quda kelishib, belgi qilib qo‘yishyapti-ku. Bitirganidan birdaniga to‘y-da. Ortiqcha tashvish kimga kerak? Yana ham bilmadim...
- Bir surishtirib ko‘ring-chi?
Oila mustahkamligini ta’minlash uchun mahallalarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida shtat ajratildi. Baribir yana o‘sha gap. “E, to‘xta, sening qizing yoki o‘g‘ling hali yosh, nima qilasan og‘rimagan boshingni og‘ritib”, deb 18-19 yoshli farzandini uylayotgan yo turmushga berayotgan ota-onalarga ayta olmaydi. Aytganda ham o‘tadigan qilib aytolmayapti. “Farzand meniki, xohlasam uylantiraman, xohlasam qizimni uzataman” deydiganlari ko‘payib qolgan.
Shifokorlar, imom-xatiblar, FXDYo bo‘limi xodimlari shu masalalarni bilmaydi, deb ayta olamizmi? Ular hammasidan xabardor. Aslida-chi, mahalla xodimi, imom-xatib, FXDYo va shifokorlar bunga aslo yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q.
To‘g‘ri, ota-ona farzandni tarbiyaladi, voyaga yetkazdi. Bu uning burchi. Oldini olish o‘rniga turmushga majburan berish, uylantirish qonunga zid-ku. Ularning ham bu uchun javob berish vaqti kelmadimikin? Negaki, bu holatdan ikki yosh, jamiyatimiz ziyon ko‘ryapti. Bu jabrni bir umr tuzatishning imkoni yo‘q. Faqat oldini olish mumkin. Biz nima qilyapmiz, yoshi yetadimi-yo‘qmi, ularni uylantirib yo turmushga berib yuboryapmiz.
”Hoy baraka topkur, seni hali yoshing yetmaydi, hayotga tayyor emassan” deb bitta-ikkitasini qaytarib ko‘raylik-chi, bu boshqalarga ibrat bo‘lar. Lekin biz ko‘pincha o‘zbekchiligimizga boryapmiz.” Qo‘y, falonchi to‘y boshlab qo‘yibdi, ikki yosh baxtli bo‘lib ketsin” deya izn berib yuboryapmiz. Afsuski, ana shu baxtli bo‘lsin, deganlar bugun tomoshabin...
Husniddin Xoldorov.