Samarqanddagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum tantanali tarzda nikohdan o‘tdi

Samarqand shahridagi 38-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan S.Q.ga o‘z ezgu niyatini amalga oshirish uchun jazo muddatini o‘tayotgani ham xalal bermadi. "Gap - niyatda", deb shunga aytishsa kerak.

U 2-son FHDYo bo‘limiga qonuniy nikohdan o‘tish maqsadida amaliy yordam so‘rab, murojaat qilgan. Uning murojaati ijobiy hal qilinib, fuqarolik huquqi ta’minlangan.

“Adashganlarga xatolarini to‘g‘rilash uchun imkoniyat berish xalqimizga xos ezgu xislat hisoblanadi. Bu qadriyat qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan.

Mahkumning nikohi o‘zi jazo muddatini o‘tayotgan manzil koloniyasida Samarqand shahar 2-son FHDYo bo‘limi tomonidan tantanali ravishda qayd qilindi hamda oilaga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi” deyiladi Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining Zarnews’ga taqdim etgan ma’lumotida.