Nikohdagi ayolingiz xunuk va xulqi yomon bo‘lsa, aslo ranjimang!
Alloh Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz (bilib qo‘yingki), balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat).
Oilaviy munosabatlar haqida nozil bo‘lgan ushbu oyat tafsirida ulamolar shunday deganlar: «Agar nikohdagi ayolingiz xunuk va xulqi yomon bo‘lsa va siz bunga sabr qilsangiz, Alloh siz uchun ko‘p yaxshiliklarni ato qiladi. Ya’ni, Alloh sizga ko‘zingizni quvontiradigan farzandlar beradi yoki ayolingiz bilan hamsuhbat bo‘lganingiz uchun oxiratda ulkan savoblarga ega bo‘lasiz» (Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh).
Ayollarga din va musulmonlarning odob-axloqini o‘rgatinglar! Nafsingiz istamasa ham ularga go‘zal muomalada bo‘linglar! Ularning ozorlariga sabr qilinglar! Ularni og‘ir xizmatga majburlamanglar! Ular xijolat bo‘ladigan o‘rinlardan ko‘zlaringizni yuminglar! (Abu Hafs Nasafiy rahimahulloh).
Ushbu Qur’oniy ta’limotning tatbiqini Abu Abdulloh Qurashiy rahimahullohning hayotida ko‘ramiz. U makkalik obid, zohid va faqih sifatida tanilgan. Xususan, uning musibatlarga sabr qilishi zarbul-masalga aylangan.
To‘rtinchi hijriy asrda yashagan Abu Abdulloh Qurashiy rahimahulloh xulqi yomon va tili achchiq, vaysaqi va baqiroq ayol bilan nikohlangan edi. Ayolining bu yomon xulqiga 26 yil sabr qilib yashaydi. Chunki orada besh nafar farzand bor edi. Farzandlarining taqdirini o‘ylab, Allohdan savob umidida sabr qildi. Ayolining ozorlaridan hech kimga shikoyat qilmadi.
Kunlarning birida Abu Abdulloh Qurashiy rahimahulloh bir oz tin olish maqsadida uydan uzoqlashishni maqsad qildi. Makka tashqarisidagi bir toqqa bordi. U yerda dunyo tashvishlaridan voz kechib, faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan bir guruh obidlarni uchratdi. Abu Abdulloh Qurashiy ular bilan birga bir necha kun yashashga qaror qildi.
Obidlar birinchi kuni Allohdan taom so‘rab duo qildilar. Alloh ularning duosini ijobat qildi. Bu holat ikkinchi va uchinchi kunlari ham takrorlandi.
Abu Abdulloh Qurashiy rahimahulloh bundan hayratga tushib: «Sizlar Allohdan nima so‘rasangiz, duoingiz shu zahoti qabul bo‘lmoqda. Buning sababi nimada? Menga ham o‘rgatinglar!», dedi.
Shunda obidlar: «Biz Abu Abdulloh Qurashiy degan odamni eshitganmiz. U ayolining yomon xulqiga 26 yil sabr qilib yashab kelmoqda. Biz duo qilganimizda «Allohim! Mana shu kishining ayoliga qilgan sabri sababli bizga rizq bergin!», deb aytamiz. Alloh taolo shu zahoti duoimizni qabul qiladi», deyishdi.
Qurashiy rahimahulloh bu so‘zlarni eshitib, darhol uyiga shoshildi. Endi ayolining ozorlariga sabr qilish uning lazzatli ibodatga aylangan edi.
Ayollarning ba’zi kamchiliklariga sabr qila olmaydigan erkaklarga yuqoridagi oyatni yana bir bor o‘qishni tavsiya qilamiz:
«...Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz (bilib qo‘yingki), balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat).
Balki ayolingizdagi siz yoqtirmagan xislatda siz uchun ko‘p yaxshiliklar, ha, bir emas, ko‘p yaxshilik yashiringandir.