O‘tgan yil Samarqandda 106 mingga yaqin chaqaloq tug‘ildi

Eng ko‘p tug‘ilish Samarqand shahri va Urgut tumanida

Bu haqda viloyat adliya boshqarmasining 2025 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

– O‘tgan yil davomida viloyatimizdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari tomonidan 105 ming 824 ta tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 20076 holatda o‘lim dalolalatnoma yozuvlari qayd etildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozodjon Shodiqulov. – Tug‘ilgan chaqaloqlarning 54512 nafari o‘g‘il, 51311 nafari qiz bolalar. Eng ko‘p tug‘ilish Samarqand shahri (29695 ta) va Urgut tumanida (12 494 ta) kuzatildi. 

Shuningdek, yil davomida 31539 ta nikoh (jumladan, 143 tasi chet el fuqarolari bilan) tuzildi. Nikohlar soni Urgut tumani (4480 ta), Samarqand shahri (4353 ta) va Past Darg‘om tumanida (2 894 ta) boshqa hududlarga nisbatan ko‘p bo‘ldi.

O‘tgan yil viloyatda 4829 ta nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari rasmiylashtirilgan. Ushbu ajrimlarning 3797 tasi sud qarorlari asosida, 1035 tasi FHDYo bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan.