O‘zbekiston fuqarosi chet elda vafot etsa, uning o‘limi qanday tartibda qayd qilinadi?

O‘limni qayd etish marhumning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘limni qayd ettirish to‘g‘risida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa ma’muriyati FXDYoga murojaat etishi mumkin. Bunda o‘lim to‘g‘risida tibbiy guvohnoma va marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kifoya.

Chet elda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘limini qayd etish marhum yashab turgan yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Agar o‘limni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda o‘limni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, o‘lgan sanasi, shuningdek o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va o‘lim qayd etilgan joy va sana ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.

O‘limni qayd etishda marhumning homiysiz qolgan voyaga yetmagan bolalari borligi ma’lum bo‘lsa, u holda konsul shu kunning o‘zidayoq bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar beradi. O‘lim qayd etilgandan keyin marhumning hujjatlari diplomatik pochta orqali O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natiladi. Bunda marhumning bekor qilingan pasporti keyinchalik qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘q qilish uchun Ichki ishlar vazirligiga jo‘natiladi.

Marhumning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining yo‘qligi o‘limni qayd etish uchun to‘siq bo‘la olmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabardor qilinadi.

Madina Vahobova,

Payariq tuman 1-son FHDYo bo‘limi mudirasi.