FHDYo bo‘limlari: o‘zgarishlar nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan FHDYo organlari tuman (shahar) hokimliklari tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ularda huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan.

Bu bilan aholiga tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tibbiyot muassasalari bilan elektron tizim yo‘lga qo‘yilib, tug‘ruqxonada bola tug‘ilsa, elektron ravishda FHDYo bo‘limiga ona va bola haqidagi ma’lumotlar kelib tushadi. Vafot etgan shaxslar haqidagi tibbiy ma’lumotlar tibbiyot muassasalari tomonidan elektron ravishda yuboriladi.

FHDYo bo‘limlarida undirilayotgan to‘lovlar uchun avtomatlashtirilgan «Billing» tizimi joriy etildi. Mazkur tizim mablag‘lar ham rasmiy bank hisob raqamlariga tushib, ortiqcha to‘lovlarning oldini olishga xizmat qiladi, ya’ni, pul tushumlari bilan bog‘liq manipulyasiyalar yuzaga kelmaydi, shaffoflik ta’minlanadi.

Shuningdek, fuqarolar uchun elektron va onlayn qabullar tashkil etildi (ilgari fuqaro yarim kun, hattoki bir kun kutish hollari bo‘lgan.)

FHDYo bo‘limida barcha turdagi arizalar xodim tomonidan tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi va boshqa turdagi gerbli guvohnomalar ham elektron to‘ldirilmoqda. Barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari “FHDYo Yagona elektron dasturi” axborot tizimiga kiritiladi. Respublikaning FHDYo bo‘limlari, viloyat FHDYo arxivlaridan tug‘ilganligi qayd etilmaganligi, nikohda turmasligi haqidagi ma’lumotlarni (71-shakl) eksterritorial tartibda davlat xizmatlari markazlari orqali olish tartibi joriy qilindi.

Nikoh va ajralganlik haqida arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtirildi

Viloyatimizda mavjud 5 million 937 ming 150 ta dalolatnoma yozuvlarining 4 million 814 mingdan ortig‘i raqamlashtirilib, «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritildi.

Nikoh va nikohdan ajralganlik haqida arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtirilgani bois, ushbu ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyati paydo bo‘ldi.

1 sentyabrdan bitta tugma orqali 6 ta harakat amalga oshiriladi. Masalan, bolaning tug‘ilishini qayd etmoqchi bo‘lsangiz birdan tibbiyot muassasasadan tug‘ilganlik haqida tibbiy ma’lumotnoma olish, bola tug‘ilishini qayd etish, bolalar poliklinikasida bolani ro‘yxatga qo‘yish, bir martalik bola nafaqasini tayinlash, yashash joyi bo‘yicha bolani ro‘yxatga qo‘yish va bolani bolalar bog‘chasiga qo‘yish mumkin.

FHDYo bo‘lim mudiri bo‘lim boshlig‘iga aylanadi

FHDYo arxivlaridagi arxivarius lavozimlari 1- va 2-toifali inspektor lavozimlariga o‘zgartirilib, xodimlarning oylik ish haqi oshiriladi. Tuman (shahar) FHDYo bo‘limlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash va xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

FHDYo organlari xodimlarining martaba darajasi va ko‘p yillik xizmati uchun ustamalar miqdori oshirilib, adliya organlari xodimlariga to‘lanadigan ustamalarga tenglashtiriladi. Ushbu bo‘limlarning tuman (shahar) hokimliklari tasarrufida bo‘lgan davri martaba darajasi berish va ustamalarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.

FHDYo organlari xodimlari mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlariga ko‘ra, agentlikning hududiy boshqarmalari bo‘lim boshlig‘iga teng­lashtiriladi. Shuningdek, 1-toifali inspektor – bosh mutaxassisga, 2-toifali ins­pektor – yetakchi mutaxassisga tenglashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Nodira MIRMUHAMEDOVA,

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasining bosh maslahatchisi.