Samarqandda FHDYo arxivlaridagi dalolatnoma yozuvlari 100 foiz raqamlashtirildi

  Prezidentimizning 2020 yil 4 avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Adliya vazirligiga 2021 yilning 1 yanvariga qadar “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalari shakllantirilishini ta’minlash vazifasi topshirilgan edi.   Shuningdek, vazirlik huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga 2020 yil 1 sentyabrga qadar FHDYo organlari arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlarning elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish uchun zarur bo‘ladigan qo‘shimcha xodimlarni vaqtincha ishga jalb etish va ularni joylashtirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgandi.

  Ushbu topshiriqlardan kelib chiqib, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan raqamlashtirish ishlarini muddatidan oldin yakunlash bo‘yicha 250 ga yaqin shaxslar muayyan muddatga shartnoma asosida ishga jalb qilindi. Ular yangi zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi va barcha FHDYo bo‘limlari optik tolali aloqa tarmoqlariga ulandi.

  Ma’lum qilishlaricha, bugungi kunda viloyatdagi barcha tuman (shahar) FHDYo arxivlarida mavjud bo‘lgan 6,5 milliondan ortiq dalolatnoma yozuvlari to‘liq raqamlashtirilib, elektron tizimga kiritildi.