Xarita: 2026 yilda sun’iy intellekt joriy etilishi bo‘yicha davlatlar reytingi
Sun’iy intellekt (SI) sanoati asosan Amerika kompaniyalari tomonidan boshqarilayotgan bo‘lsa-da, amalda qo‘llash bo‘yicha yetakchilar boshqa mamlakatlarda, jumladan, kichik, ammo yuqori raqamli iqtisodiyotga ega davlatlarda topildi.
“Microsoft” hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida dunyoning mehnatga layoqatli aholisining taxminan 17,8 foizi muntazam sun’iy intellektdan foydalangan, ya’ni ular oyida “u” bilan kamida 90 daqiqa vaqtini o‘tkazgan.
Bu masalada Birlashgan Arab Amirliklari mutlaq yetakchiga aylandi: uning mehnatga layoqatli aholisining 70 foizidan ortig‘i allaqachon SIdan faol foydalanmoqda. Singapur davlati o‘zining 63 foiz foydalanuvchisi bilan ikkinchi o‘rinda.
Sun’iy intellekt modellari ishlab chiquvchilarning ko‘pchiligi joylashgan Amerika Qo‘shma Shtatlari texnologiyani o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha eng yaxshi 20 ta mamlakat qatoriga ham kirmaydi. Davlatda sun’iy intellektdan muntazam foydalanish darajasi atigi 31,3 foizni tashkil etadi, bu sun’iy intellektni qabul qilish darajasi 40 foizdan oshib ketgan boshqa yigirmata davlatnikidan past.
Norvegiya, Irlandiya, Fransiya, Ispaniya va Niderlandiya kabi ko‘plab Yevropa davlatlari ancha yuqori o‘rinni egallab, sun’iy intellektni joriy etish darajasi 40 foizdan oshadi. Yevropaning yuqori ko‘rsatkichlari uning rivojlangan raqamli iqtisodiyoti, yuqori sifatli internet va raqamli xizmatlar bilan ishlashga odatlangan ko‘p sonli mutaxassislar bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar hali ham SIni joriy etishning dastlabki bosqichida. Bu esa kelgusi o‘n yillikda mehnat unumdorligi va iqtisodiy raqobatbardoshlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan global bo‘shliqni keltirib chiqaradi.
“Microsoft”, shuningdek, Osiyo allaqachon sun’iy intellekt bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 15 bozordan 10 tasini qamrab olgani haqida gapiradi. Keskin o‘sish Janubiy Koreyada qayd etilgan, u yerda sun’iy intellektdan foydalanish 2026 yilning birinchi choragida 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 43,2 foizga oshgan. Tailandda bu ko‘rsatkich 36,2 foizni, Yaponiyada 34,1 foizni, Mongoliyada esa 32,2 foizni tashkil etib, foydalanuvchilar soni tez sur’atlarda o‘sib bormoqda.
Qizig‘i, Xitoy davlati boshqalarga nisbatan past ko‘rsatkich - taxminan 16 foizni aks ettiradi. Biroq, aholisi ko‘p mamlakatning hatto o‘rtacha o‘sishi ham yuz millionlab yangi foydalanuvchilarini qo‘shib berishi mumkin.
Sun’iy intellekt kundalik ishlarga chuqurroq kirib borar ekan uni qo‘llash tezligidagi tafovutlar ommaviy raqamlashtirish va internetning tarqalishi global raqobatni o‘zgartirib yuborgani kabi keyingi o‘n yillikdagi iqtisodiy tengsizlikning asosiy omiliga aylanishi mumkin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.