Dunyodagi eng yirik aeroportlar
Ushbu maqolada hududi bo‘yicha dunyodagi eng katta aeroportlar “joylashtirilgan”, ulardan eng kattasi 776 kvadrat kilometr sathni egallaydi. Bu ko‘rsatkich o‘z-o‘zidan bugungi kunda zamonaviy aviatsiya nafaqat yo‘lovchi tashish, balki hudud, kengayish imkoniyati va uzoq muddatli strategik infratuzilma ekanligining dalolatidir.
Istanbul aeroporti (Turkiya), 76,5 kvadrat kilometr

Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan Istanbul aeroporti qisqa vaqt ichida dunyoning eng muhim aviatsiya markazlaridan biriga aylanishga ulgurdi. 2018 yilda ochilgan, dastlab global markaz sifatida loyihalashtirilgan ob’yekt gavjum Otaturk aeroporti o‘rnini egalladi.
Bir tom ostidagi dunyodagi eng katta terminallardan biri har yili o‘n millionlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Ayniqsa, keng koridorlar, markazlashtirilgan xavfsizlik zonalari va qulay o‘tish yo‘laklari bu joyni tranzit yo‘lovchilar uchun qulay va samarali qiladi.
Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti (Malayziya), 100 kvadrat kilometr

Bu aeroportni haqli ravishda “shahar ichidagi shahar” deb atash mumkin. Malayziyaning iqtisodiy gullab-yashnashi davrida qurilgan ob’yekt to‘liq infratuzilmasi, yerdan unumli foydalanish va iqtisodiyoti aeroportda jamlangan shahar - aerotropolis sifatida yaratilgan.
Unda bir nechta terminallar, jumladan, asosiy va arzon narxlarda tashuvchilarga xizmat ko‘rsatadigan terminal bor. Ushbu tuzilma turli yo‘lovchilar toifalari bilan ishlash imkonini beradi.
Uchish-qo‘nish yo‘laklari va terminallardan tashqari, hududda kelajakda kengayish imkoniyatlarini yaratib beradigan yashil maydonlar, yuk tashish joylari va tijoriy infratuzilma mavjud.
Denver xalqaro aeroporti (AQSh), 137,8 kvadrat kilometr

Hududi bo‘yicha Shimoliy Amerikadagi eng yirik aeroport 1995 yilda ochilgan va o‘nlab yillar davomida o‘sish uchun mo‘ljallangan.
Jeppesen yer osti poyezd yo‘li orqali bog‘langan olisdagi uchta qo‘nish zonalari terminali aeroportning kompleks markazi hisoblanadi. Hozirda oltita uchish-qo‘nish yo‘lagi ishlaydi, biroq ularni o‘n ikkitaga kengaytirish rejalashtirilgan.
Aeroport amerikadagi yirik aviakompaniyalar uchun asosiy markaz sifatida xizmat qiladi, uning kattaligi esa ham yo‘lovchilar, ham yuk tashish operatsiyalarini cheksiz rivojlantirish imkonini beradi.
Qirol Xolid xalqaro aeroporti (Saudiya Arabistoni), 375 kvadrat kilometr

Saudiya Arabistoni poytaxtiga xizmat ko‘rsatuvchi ushbu aeroport Vision 2030 dasturi doirasida kengayishda davom etmoqda. Kelajakda uning nomi Qirol Salmon xalqaro aeroporti deb o‘zgartiriladi.
Yerning katta qismi o‘zlashtirilmagan bo‘lib qolmoqda, bu yangi uchish-qo‘nish yo‘laklari, yuk markazlari va hatto aviatsiya bilan bog‘liq sanoat zonalarini qurish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Qirol Fahd xalqaro aeroporti (Saudiya Arabistoni), 776 kvadrat kilometr

Hududi bo‘yicha dunyodagi eng katta, hatto ko‘plab shaharlardan kattaroq Saudiya Arabistonining yana bir aeroporti ushbu ro‘yxatda yetakchilik qiladi.
Aeroport infratuzilmasi eng katta samolyotlarga, shu jumladan 853 yo‘lovchini sig‘dira oladigan Airbus A380ga ham xizmat qila oladi. Bu yerda yo‘lovchi terminali, qirollik terminali va keng yuk tashish vositalarini o‘z ichiga olgan terminallar keng faoliyat ko‘rsatadi.
Aeroportning asosiy xususiyati uning potensiali bo‘lib, yerlarining katta qismidan hozirda foydalanilmayapti, bu uning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini aks ettiradi. Kelajakda bunday aeroportlar o‘zgaruvchan global aviatsiya sharoitlariga moslashishga qodir.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.