Klinik o‘limdan keyin qarishni to‘xtatib qo‘ygan yigit
Dahshatli baxtsiz hodisadan so‘ng, Vyacheslav Klimov uchun vaqt to‘xtab qolgandek bo‘ldi: 50 yoshni qarshilayotgan erkak naqd 25 yoshli yigitni eslatadi-ya! Uning butun tanasi ham qarimagan... va hatto yosharib bormoqda! Klimov 1963 yil 4 iyunda Moskvada tug‘ilgan.
Boshlanishi
Tormoz chiyillashi va metall g‘ijirlashi... katta tezlikda 15 yoshli moskvalik yigit va uning do‘stini olib ketayotgan mashina yo‘l chetiga chiqib ketib, chiroq ustuniga borib urildi. Qichqiriqlar! Yong‘in! Portlash! Qandaydir kuch Vyacheslavni yo‘l ustiga chiqarib yubordi. U tirik qoldi. Afsuski, mashinada qamalib qolgan do‘sti tiriklayin yonib ketdi...
G‘alati hissiyotlar
- Zarba chog‘ida vaqt to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Men g‘alati hislarni boshdan kechirdim: o‘zimni yuqoridan ham, tashqaridan ham kuzata oldim, - eslaydi Klimov. – “Tez yordam” kelguniga qadar hushimda edim, o‘shanda haqiqiy do‘zaxni boshdan kechirayotgandek edim go‘yo. Tanamning 70 foizdan ko‘prog‘i kuygan ekan, sepsis boshlandi, yuragim to‘rt daqiqaga urishda to‘xtab qolibdi... Biroq, klinik o‘limdan so‘ng ham omon qoldim!
- Avvaliga tunnel bo‘ylab ketib borardim. Keyin o‘zimni jonli mavjudot tanasida his qildim. Kuchli silkinish, elektr toki urishidan so‘ng yana o‘z tanamga qaytdim, — eslaydi Vyacheslav dahshatli lahzalarni.
Bu tushunarsiz!
O‘shanda shifokorlar yigitning omon qolish ehtimoli juda past ekanligini tan olishdi. Biroq, ular mo‘’jiza ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ikki oylik intensiv terapiya, bir yillik reabilitatsiya Vyacheslavni oddiy hayotga qaytardi.
- Hayot odatdagidek davom etdi: men universitetni tugatdim, uylandim, 25 yoshga to‘lganimda tashqi ko‘rinishim o‘zgarishda to‘xtab qolganini angladim. Hatto 35, 45 yoshga to‘lganimda ham hech narsa o‘zgarmadi. Men qarimay qo‘ydim. Olimlar bu hodisaga qiziqish bildira boshladi.

Erkakning tanasini o‘rganib chiqqandandan so‘ng, olimlar uning ichki organlari, xuddi tanasi kabi yoshligicha qolganligini aniqlab oldi. Klimov qarimaydi: u klinik o‘limdan keyin qarishni to‘xtatdi! - xulosa berishdi ular.
Klinik o‘limdan so‘ng, yigit o‘zida bir qator g‘ayritabiiy qobiliyatlarni kashf etdi. U kelajakni bashorat qiladi va yo‘qolgan narsalarni topa oladi. Bir necha yil oldin Vyacheslav paranormal hodisalarni o‘rganish maqsadida “Arvohlar ovchilari” guruhiga asos soldi.

- Bu baxtsiz hodisa hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Shundan so‘ng men yuqori kuchlar borligiga ishona boshladim, - deydi Vyacheslav.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.