Aksiya: «Birga hayotni saqlaymiz!»
Viloyat qon quyish markazining sayyor guruhi tomonidan Samarqand davlat universiteti Biokimyo insitutida “shu shior ostida beg‘araz qon donorlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda “2026-2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida institutning 50 nafarga yaqin o‘qituvchi va talabalari qatnashib, qon topshirdi.
- Qon topshirish donorlar uchun ham foydali bo‘lib, insult, infarkt kasalliklari xavfining oldini oladi, - deydi institut o‘qituvchisi Sherzod Qo‘chqorov. - Bugungi aksiyada ishtirok etganimdan juda xursandman. Chunki, mening qonim tufayli har kuni minglab bemorlar hayoti saqlab qolinadi. Ayniqsa, murakkab onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisa tufayli og‘ir tan jarohati olgan bemorlar uchun muhim vosita sanaladi.
Aksiya doirasida faxriy donor G‘ayrat Hamidov talabalar bilan uchrashuvda yurtimizda aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, bu ezgu va savobli amal odamiylikning oliy namunasi ekanligini ta’kidladi. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizni beg‘araz donor bo‘lishga hamda yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berishga chaqirdi.
Donorlar tufayli har kuni minglab bemorlar hayoti saqlab qolinadi. Ko‘ngillilar tomonidan jamg‘arilgan qonlar viloyatimiz shifoxonalaridagi talassimiya, onkogemotologik kasallikka chalingan bolalar uchun ishlatiladi.
Liliya Idrisova,
viloyat qon quyish markazi shifokor-laboranti.