Metodikalar rivojlanmas ekan, ta’lim rivojlanmaydi
Bugun pedagoglar malakasini oshirish tizimi to‘liq raqamlashtirildi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov ma’lum qildi.
- Metodikalar rivojlanmas ekan, ta’lim rivojlanmaydi, - dedi markaz direktori A.Sobirov. – Shuning uchun ham respublikamizda xalqaro tajribalardan amaliy foydalangan holda pedagoglarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish ishlari samarali olib borilmoqda. Masalan, Singapur tajribasi asosida viloyatdagi pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil aprel oyida o‘quv mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlanib, mazkur jarayon doirasida 12 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 11 273 nafar yetakchi o‘qituvchi sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Yangi tartibga ko‘ra, bugun maktabgacha va maktab ta’limida faoliyat olib borayotgan pedagoglar uchun 5 yilda bir marta ish haqi saqlangan holda 100 soatlik malaka oshirish darslari belgilangan. Masalan, 2026 yil choragida 4139 nafar pedagog malaka oshirishga jalb qilingan. Ulardan 242 nafari 18 soatdan ko‘p dars qoldirgani yoki yakuniy imtihondan o‘tolmagani uchun tinglovchilar safidan chetlatilgan.
Tartib-qoidaga ko‘ra, birinchi marta malaka oshirishdan chetlatilgan pedagoglar ikkinchi marta o‘z hisobidan o‘qishi kerak. Ikkinchi marta ham yakuniy imtihondan o‘tolmasa, pedagog bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Matbuot anjumanida ta’lim tizimidagi yutuqlar, muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.