Xodimlarning mehnat muhofazasi va ish joyida sog‘lom muhit yaratish korxona rahbarining vazifasi
Shu shior ostida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida o‘tkazilgan «Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik» mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar yakunlandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda ishtirokchilari dastlab elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv ta’minoti sohalariga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlarga Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari tomonidan shaharsozlik an’analari asosida tayyorlangan loyihalar taqdimoti namoyish etildi.
Tadbirda viloyat kasaba uyushmalari Kengashi raisi S.Rafiqov viloyatimiz korxonava tashkilotlarida xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, dam olish va ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoya ko‘lami haqida so‘zladi.
Seminar doirasida Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri N.G‘oyibnazarova, Federatsiyaning transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari N.Dehqonovlar ish joylarida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va psixofiziologik xavflarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishdi.
- Korxona-tashkilotlarda psixofiziologik xavf va ulardan himoyalanish har bir ishchi-xodim uchun muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti kafedra dotsenti, texnika fanlari nomzodi Habib Razzoqov. – Chunki xodimlar ham uyidan turli xil ruhiy tushkunlik va holatlar bilan ishga kelishi mumkin. Kayfiyatning keskin o‘zgarishi, sababsiz depressiya, doimiy charchoq va energiyaning yo‘qolishi, tizimli xatolar, stress, ko‘z yoshlari, vahima hujumlariga yetarli darajada javob bermaslik, ijtimoiy izolyasiya, hamkasblar bilan muloqot qilishdan bosh tortish kabi xavflardan himoyalanish uchun ularga psixologik yordam berish korxona rahbariyatining vazifasi hisoblanadi. Ular kuzatuvchan bo‘lishi va xodimning xatti-harakatlaridagi o‘zgarishlarga e’tibor berish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.