Yarashuv instituti – buzilgan huquqlarni tiklash, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash, jamiyatda murosa va huquqiy madaniyatni mustahkamlashning muhim asosi

Mamlakatimizda sudlarning vazifasi faqat jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan jazo tayinlashdan iborat emas. Sud adolatni tiklaydi, buzilgan huquqlarni muhofaza qiladi, jabrlanuvchining dardini eshitadi, aybdorning qilmishiga huquqiy baho beradi va jamiyatda tinchlikni saqlashga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, yarashuv instituti – jinoyat huquqida insonparvarlik, mas’uliyat va adolatni bir nuqtada birlashtiradigan muhim mexanizm.
Yarashuv instituti mamlakatimiz jinoyat sudlovi amaliyotiga 2001 yil jinoiy jazolarni liberallashtirish jarayoni doirasida kiritilgan.
Keyingi yillarda ushbu institut doirasi tubdan kengaydi.

Yaqinda sudda muhokama qilingan F.To‘lanovga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) oid ish jamiyatimizda yarashuv institutining amaliy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Gap shundaki, F. To‘lanov shu yil 17 yanvar kuni “Tiko” rusumli avtomashinasini boshqarib borayotgan vaqtda yo‘l harakati qoidalarining bir qator talablariga rioya qilmagani oqibatida qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Hodisa oqibatida “Tiko” avtomashinasida yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan voyaga yetmagan D. Abdujabborov og‘ir tan jarohati olgan. “Neksiya-2” avtomashinasiga 11 million 453 ming 184 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Ish sudga yetib kelguniga qadar F.To‘lanov jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etdi. Shuningdek, u qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi.

Sudda F.To‘lanovning o‘zi, jabrlanuvchi, uning qonuniy vakili hamda fuqaroviy da’vogar yarashuvga rozi ekanini bildirib, ariza berganlar.
Shu sababli sud jinoyat ishini yarashganlik munosabati bilan tugatdi.
Yarashuv instituti sudlar ishini yengillashtiradi, degan fikr bor. Bu qisman to‘g‘ri: ayrim ishlar bo‘yicha uzoq sudlashuvlar, ortiqcha protsessual sarf-xarajatlar va taraflar o‘rtasidagi keskinlik kamayadi. Ammo yarashuvning asosiy maqsadi sud yukini kamaytirish emas. Asosiy maqsad — buzilgan huquqni tiklash, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash, aybdorni pushaymonlik va mas’uliyat orqali tuzatish, jamiyatda murosa va huquqiy madaniyatni mustahkamlashdir.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Xalqaro huquqiy adabiyotlarda bunday yondashuv “tiklovchi adolat” — restorative justice deb ataladi. Yevropa Kengashining 2018 yildagi tavsiyasida tiklovchi adolat jinoyatdan zarar ko‘rgan shaxs va ushbu zarar uchun javobgar shaxs ixtiyoriy rozilik asosida, xolis uchinchi shaxs yordamida huquqbuzarlikdan kelib chiqqan masalalarni hal qilish jarayonida faol ishtirok etishi sifatida tushuntiriladi.

Jabrlanuvchi va aybdor o‘rtasidagi murosa, yarashuv mexanizmlari dunyoning ko‘plab davlatlarida turli xil nom va protsessual shakllarda qo‘llanib kelinmoqda. Misol uchun Germaniyada jabrlanuvchi va ayblanuvchi rozi bo‘lsa, ularning yarashuvi amalga oshirilishi mumkin.

Germaniya amaliyotida prokuror va sud har bir bosqichda ayblanuvchi va jabrlanuvchi o‘rtasida murosa imkoniyatini ko‘rib chiqishi, tegishli hollarda bunga ko‘maklashishi nazarda tutilgan. Bu jarayon, odatda, jinoyat protsessidan tashqarida maxsus tayyorlangan mediatorlar ishtirokida o‘tkaziladi, ayblanuvchi esa, qilmishi uchun muayyan mas’uliyatni qabul qilishi lozim.

Fransiyada jinoiy mediatsiya instituti mavjud. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, prokuror uncha og‘ir bo‘lmagan huquqbuzarliklar bo‘yicha jinoiy mediatsiyani taklif qilishi mumkin. Bundan maqsad — jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash, huquqbuzarlik oqibatida yuzaga kelgan nizoni bartaraf etish va huquqbuzarni qayta jinoyat sodir etmaslikka yo‘naltirishdan iborat. Albatta, bu jarayon jabrlanuvchining roziligini talab qiladi.

Angliya va Uelsda tiklovchi adolat jabrlanuvchi huquqlari tizimi bilan chamchambarchas bog‘liq. Bunda jabrlanuvchi jinoyat haqida xabar berganda, unga jinoyat protsessi va jabrlanuvchilar uchun xizmatlar haqida ma’lumot berilishi, shu jumladan, gumon qilinuvchi yoki huquqbuzar bilan muloqot qilish imkonini beradigan tiklovchi adolat xizmatlari haqida xabar qilinishi mumkin.

Yangi Zelandiyada tiklovchi adolat konferensiyalari keng qo‘llaniladi. Mamlakat Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday konferensiya jabrlanuvchi, huquqbuzar, ularni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslar va boshqa tegishli ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuv bo‘lib, unda huquqbuzar javobgarlikni qabul qilishi, jabrlanuvchidan kechirim so‘rashi, zararni qanday tuzatishni kelishishi va qayta huquqbuzarlik sodir etmaslik yo‘llarini muhokama qilishi mumkin. Bu jarayon, odatda, hukm chiqarilishidan oldin bo‘lib o‘tadi, sudya jazo tayinlashda ushbu kelishuvni inobatga oladi.

Yuqorida bayon etilgan misollardan yaqqol ko‘rinib turibdiki, xorijiy davlatlar huquqiy tizimida faqat jazolash emas, balki jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash, aybdorni mas’uliyatga chaqirish va ijtimoiy munosabatlarni tiklash g‘oyasi mavjud va ustuvor.
Xulosa qilib aytganda, milliy qonunchiligimizdan o‘rin olgan yarashuv instituti xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik kabi qadriyatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, ushbu institutni yanada takomillashtirib borish ayni muddaodir.

Bekzod Jumaboyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tumani sudi raisi.