Qishloqdagi bir uchrashuv ko‘plab fikrlarga turtki berdi

Ijodkorlarning chekka hududlardagi uchrashuvi shunchaki rasmiyatchilik emas, o‘sha qishloq ahli kutgan dildan, ma’naviy suhbatga aylanadi.

Yaxshi bilamiz, ziyoli inson qayerda yashamasin, jamiyatdagi islohotlar, ilm, ijoddagi yangiliklardan boxabar bo‘lishni istaydi. Shuning uchundir, jamiyat qozonida pishib, viloyat, mamlakat ijtimoiy iqtisodiy, ma’naviy hayotidagi past-balandliklarni ko‘rib yurgan ijodkorlarning qishloq hududlardagi muloqoti ziyo istagan insonlar tashnaligini qondirishday gap.

Urgutdagi Mo‘minobod qishlog‘ida taniqli tarixchi olim, arxeolog Amriddin Berdimurodov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Farmon Toshev bilan ijodiy uchrashuv mana shunday kutilgan muloqotga aylandi.

Unda A.Berdimurodov o‘zining Samarqand tarixiga bag‘ishlangan "Satrlarga sochilgan ibrat" kitobi yaratilishi va unda keltirilgan ibratli  voqealar xususida so‘z yuritdi.

F.Toshev mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyati hamda ularning samaralariga to‘xtaldi. To‘planganlarga o‘zining yangi she’rlaridan o‘qib berdi, mahalla ziyolilariga o‘z kitoblaridan hadya qildi.  Aytish kerakki, bunday jonli muloqotlar oila ijtimoiy muhitiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, keyingi yillarda qishlog‘imizda ilmga intilayotgan yoshlar tobora ko‘paymoqda. Bu bejiz emas, albatta. Ikkita yorqin misolni keltiray. Yosh muallimlarimiz Nasim Ro‘zimahmatov va Mirzohid Yo‘ldoshev oliygohni bitirib kelib, o‘z qishlog‘ida o‘quvchilarga matematika va ingliz tilidan saboq berayotir. Shu sababli bu fanlardan xalqaro sertifikat olayotganlar, olimpiadada g‘olib chiqayotganlar kun sayin ko‘paymoqda. Xususan,100 nafar o‘quvchining yarmi shunday sertifikatga ega bo‘lmoqda. Bir paytlar bizda qizlar orasida oliy ta’lim dargohida o‘qiydiganlar sanoqli edi, hozir ularning soni keskin o‘sdi.

Qishloqdoshimiz, tajribali kardiolog, oliy toifali shifokor Fayzulla Mardonov esa Samarqanddagi 40 yillik faoliyatidan so‘ng ixtiyori bilan mahalladagi oilaviy poliklinikaga maslahatchi bo‘lib kelib, yosh hamkasblariga mahorat sirlarini o‘rgatyapti.

Mahalla raisi Obid Norboyev oilalarda ota o‘rni yo‘qolmasligi, bu qadriyat ekanligi bilan birga, oilalardagi xotirjamlik garovi ekanini doim ta’kidlab keladi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda bo‘lgani singari, bizning qishloqda ham ota-onalarning farzand ta’lim-tarbiyasiga e’tibori oshayotganini, o‘zlari ham zamon bilan hamnafas harakat qilayotganini kuzatish mumkin. Qishlog‘imizga tashrif buyurgan mehmonlar bilan fikrlashar ekanmiz, o‘zimizga, yutuq, kamchiliklarimizga ham bir nazar tashladik.

Mavlon Rahmonqulov, ijodkor o‘qituvchi.