Fuqarolik – ushalmas orzu emas
Bir yurtda yashasang, oila qurib, ro‘zg‘or tebratsangu shu yurt fuqarosi bo‘lmasang, davlat va jamiyat ishlarida ishtirok etishing cheklangan bo‘lsa – qalbingning bir cheti kemtik, hayoting to‘laqonli emasdek tuyulaveradi. Bu go‘yoki, inson o‘z uyida o‘zini begonadek his qilganday gap.
Afsuski, sobiq ittifoqning parchalanishi yoki boshqa sabablar tufayli yurtimizda ham minglab insonlar ana shunday ahvolga tushib qoldi. Yoki serquyosh o‘lkamizni o‘zi uchun Vatan deb qabul qilib, shu yerga kelib yashayotgan bo‘lsa-da O‘zbekiston fuqarosi, degan sharafga munosib ko‘rilmaganlar qancha edi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar, qonunchilikning takomillashtirilishi natijasida bu yurtdoshlarimizga fuqarolik berilib, ular Vatanimizning teng huquqli fuqarolariga aylandi.
– O‘tgan yili “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Prezidentning joriy yil 11 martdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga oid masalalarini ko‘rib chiqishning yangilangan tartibi belgilandi, – deydi Samarqand viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Davron Norchayev. – Unga ko‘ra, yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilindi.
Shaxsni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga umumiy, soddalashtirilgan (vatandoshlar) va alohida tartibda (Prezidentning tashabbusi bilan) qabul qilish belgilandi. Bu tartiblarni amalga oshirishning zamonaviy, qulay mexanizmlari yaratildi.
Bu imkoniyatlar tufayli Samarqand viloyatida ham ko‘plab yurtdoshlarimiz O‘zbekiston fuqaroligini olish baxtiga erishdi. Jumladan, 2016 yil dekabr oyidan buyon Prezidentimiz farmoni bilan viloyatimizdan 666 nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarga muvofiq, muayyan vaqtdan buyon mamlakatimizda doimiy yashagan 629 nafar shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tan olindi. Bu shaxslarning 777 nafarini xorijdan kelganlar, 389 nafarini vaqtincha borib kelganlar va 129 nafarini chetda o‘qiganlar tashkil etdi. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 1700 nafardan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxs fuqarolik berishni so‘rab murojaat qilgan va ularning arizalari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Qonunchilikdagi keyingi o‘zgartishlar tufayli 15 yildan buyon mamlakatimizda yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning fuqaroligi tan olinishi, chet ellik vatandoshlar ham fuqarolikka hujjat topshirishi mumkinligi, O‘zbekistonda tug‘ilgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 5 yil doimiy ro‘yxatda turishi shart emasligi, hujjatlarning elektron tarzda aylanishi va boshqa shu kabi yengilliklar yurtimizda yashayotgan har bir insonning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat himoyasida ekanligidan dalolatdir.
– Samarqand shahrida yashayman, farzandu nabiralarim bor, lekin shu paytgacha O‘zbekiston fuqarosi emas edim, – deydi S.Azimmurodov. – 26 yil kutib, o‘tgan yili 60 yoshimda fuqarolik pasporti olish nasib etdi. Boshqalarni ham yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik qadriga yetib, halol mehnat qilib, hayotga shukrona aytib yashashga da’vat etaman.