Samarqandda 237 826 nafar fuqaroga xorijga chiqish uchun biometrik pasport rasmiylashtirilgan
Bu haqda bugun viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan matbuot anjumanida Samarqand viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Davron Norchayev ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi, 5156-sonli farmoniga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirish boshlangandi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan qo‘shni davlatlar - Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga mazkur namunadagi, ya’ni xorijga chiqish biometrik pasportlari bilan chiqish belgilangan.
Viloyatimizda hozirgi kunda jami 19 ta barcha tuman (shahar)larda xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylatirish punktlari faoliyat olib bormoqda. Jumladan, Samarqand shahar IIO FMB hamda Urgut tumani IIO FMBlarda 2 tadan hamda viloyat IIB MVAFRBning o‘zida xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirish punktlari fuqarolarga xizmat ko‘rsatmoqda.
- 2021 yil 1 yanvardan xorijga chiqish pasporti bilan chet elga chiqish mumkinligi yuzasidan olib borgan targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz natijasida joylardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida fuqarolarning murojaatlari oshib ketdi, - dedi D.Norchayev. - Pandemiya sharoitini inobatga olib, fuqarolar aniq ketayotgan davlati va kunini aniqlab, 15 kun oldin hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘lim (bo‘linma)lariga murojaat qilishlari lozim. Shuningdek, bugun, ya’ni 23 dekabrdan boshlab fuqarolarga amaldagi yashil pasport berilishi to‘xtatildi. Yashil pasportlarning amal qilish muddati 2031 yilda tugaydi.
Matbuot anjumanida soha mutaxassislari jurnalistlarning migratsiyaga oid barcha savollariga javob berdi.
Ma’lumot o‘rnida: xorijga chiqish pasporti 0-1 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 2 yil muddatga, 16 yoshgacha bo‘lganlarga 5 yil muddatga, 16 yoshdan kattalarga 10 yil muddatga beriladi.
Xurshida ERNAZAROVA.