Xorijga chiqish pasporti (qizil pasport) uchun to‘lov miqdori qancha? U necha kunda tayyor bo‘ladi?
Viloyat IIBdan ma’lum qilishlaricha, xorijga chiqish biometrik pasporti uchun 324 ming so‘m to‘lov amalga oshiriladi.
Xorijga chiqish biometrik pasportiga hujjat topshirishda fuqarodan faqatgina pasport talab qilinadi.
Qayd etilishicha, xorijga chiqish biometrik pasporti 15 kunda tayyor bo‘ladi.
IIBning ma’lumotida, shuningdek, viloyat bo‘yicha 2019 yilda jami 170 ming 477 ta, 2020 yilda 80 ming 910 ta, joriy yilning o‘tgan 11 oyida 324 ming 566 ta xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib berilgan.
Darvoqe, ayni paytda mazkur hujjat eksterritorial tartibda ham amalga oshirilmoqda. Ya’ni, xorijga chiqish biometrik pasportiga vaqtincha turgan joyingizdagi IIBning tegishli bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin. Bu tartib asosida joriy yil 11 oy davomida 399 nafar boshqa viloyatda yashovchi fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib berilgan.
Mutasaddilarning bildirishicha, nogiron yoki yotib qolgan fuqarolarga manzili bo‘yicha mobil qurilmalarni olib borib, xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladi.