❓Xorijga chiqish biometrik pasportini olishga arizani ko‘rib chiqish muddati va to‘lovi qancha?

➖O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijga chiqish biometrik pasporti ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab o‘n ish kunida, xorijda esa diplomatik pochtani jo‘natish grafigiga muvofiq belgilangan tartibda beriladi.

Fuqaroga va unga hamrohlik qiluvchi shaxsga (shaxslarga) xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish muddati O‘zbekistondan zudlik bilan chiqib ketishni talab qiladigan holatlarda, shoshilinch davolanish zarurligini tasdiqlovchi viloyat va respublika miqyosidagi davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilgan hujjatlar, yaqin qarindoshining og‘ir kasalligi yoki vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganida, chiqish huquqiga cheklov bo‘lmagan taqdirda 5 ish kunidan oshmasligi lozim.

Fuqaro xorijga chiqish biometrik pasportini yo‘qotgan taqdirda yangi pasport belgilangan tartibda pasport yo‘qolganligi haqida ariza berilgan kundan boshlab 1 oy ichida beriladi.

Arizani ko‘rib chiqish muddati O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun davlat boji BHMning 1,2 baravari (294 000) so‘m.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lumot berdi.