Xorijga chiqish pasporti: Endi uni Qo‘shrabot tumani va Kattaqo‘rg‘on shahridan tashqari barcha DXMlardan olish mumkin
2022 yilning 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgan edi. Hozirga qadar mazkur xizmat faqat Samarqand shahar hamda Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazlarida mavjud edi.
Fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishlarida yanada qulaylik yaratish maqsadida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatning Qo‘shrabot tumani va Kattaqo‘rg‘on shahridagi markazlardan tashqari, barcha tumanlardagi davlat xizmatlari markazlarida xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish xizmati ishga tushdi.
Endilikda fuqarolar nafaqat IIB bo‘limlarida, balki yuqorida qayd etilgan ikki hududdan tashqari istalgan markazga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan murojaat qilib, ushbu qulaylikdan foydalanishlari mumkin.
Ma’lumot uchun: joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand shahar va Past Darg‘om tumani DXM tomonidan 10 mingdan ortiq xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilib berilgan.