Aholining davlat xizmatlaridan foydalanishida navbatda turish vaqtini qisqartirish uchun qanday qulayliklar yaratilgan?

Savolga viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Qurbonov javob berdi?

Aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini osonlashtirish maqsadida bugungi kunda shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, 80 mingdan ortiq fuqarolar Mobil-ID tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu alohida flesh-kartani olib yurmasdan, xizmatlardan oson va tezkor ravishda foydalanish imkonini beradi.

2023 yilda Samarqand viloyatidagi 16 ta tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida Elektron raqamli imzo kalitlarini berish uchun shaxsni tasdiqlash maqsadida 144 ta barmoq izi skanerlari o‘rnatildi.

Shuningdek, Davlat xizmatlarini olish uchun ID-karta bilan murojaat qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida barcha tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida 146 ta NFS reader (ID-kartani o‘qish) qurilmalari o‘rnatildi.

Endilikda foydalanilgan davlat xizmati uchun to‘lovni amalga oshirish yanada osonlashdi. my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda invoysdagi raqamlarni bittalab terib o‘tirish yoki “kassa”da navbat kutishga hojat yo‘q. Buning uchun ommabop to‘lov tizimlarida invoysdagi QR-kodni skaner qilib, to‘lovni osongina amalga oshirsa bo‘ladi. Mazkur imkoniyatdan hozircha “Payme”, “Click”, “U-pay” to‘lov tizimlari orqali foydalanish mumkin.

***

Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.