Huquqshunos bo‘lish uchun nima qilish kerak, DXMda qanaqa xizmatlar ko‘rsatiladi, sud-tibbiy ekspertizasi nima?..
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Samarqand shahridagi Davlat xizmatlari markazida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ishtirokchilari shu va boshqa savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar DXM faoliyati bilan tanishtirildi. Unda ko‘rsatilayotgan xizmatlar, fuqarolarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar X.Sulaymonova nomidagi respublika sud-tibbiy ekspertizasi markazi viloyat bo‘limi hamda viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada bo‘ldi. Jarayonda Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYo organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati bilan ham tanishildi.
— Ayni kunda viloyatimizdagi 20 ta arxiv bo‘limida uch asrga oid 1 milliondan ortiq hujjatlar saqlanmoqda, - deydi viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Mamanazarov. – Ularning asosiy qismini qonunchilikka oid tarixiy hujjatlar tashkil etadi. Sohaga qiziqqan, hayotini huquq bilan bog‘lash niyatidagi yoshlar va boshqa fuqarolar uchun ham eshiklarimiz doimo ochiq.
— Yoshligimdan huquq sohasiga qiziqishim o‘zgacha, - deydi Samarqand viloyat yuridik texnikumi talabasi Sh.Ismoilov. – Maktabni bitirib, oliy ta’limga kirish uchun harakat qildim, ammo bilimim kamlik qildi. Shu bois sohaga texnikum orqali bilim va malakamni oshirib kirib kelishga qaror qildim. Bugungi tadbir tanlagan kasbimning naqadar mas’uliyatli ekanligini ko‘rsatdi. Adliya boshqarmasi rahbarlari bilan suhbat buni chuqurroq angladim. O‘z ustimda ishlashni davom ettiraman.
Tadbir ishtirokchilari tizimdagi barcha bo‘g‘in mutaxassislaridan bepul huquqiy maslahat oldi.
Asqar Barotov.