Endi Urgut tumani DXMda ham “prava”ni almashtirish mumkin
Urgut tumani davlat xizmatlari markazida eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish xizmati ishga tushirildi.
Endi nafaqat tuman aholisi, balki unga tutash boshqa hududlar fuqarolari ham uzoqqa bormasdan mazkur xizmatdan shu yerning o‘zida foydalanishlari mumkin. Xizmatni sifatli taqdim etish uchun markazda barcha sharoit yaratilgan. Alohida xona zarur texnika va jihozlar bilan ta’minlangan. Fuqarolar bir necha daqiqada yangi “prava”ni ortiqcha navbatlarsiz olishmoqda.
- Shaxsiy mashinamni boshqarayotganimga 12 yildan oshdi, - deydi Lola Sultonova. - Yildan yilga biz uchun imkoniyatlar ko‘lami kengayib bormoqda. “Prava”mning muddati tugab borayotgani bois, uni almashtirishga qiynalayotgandim. Urgut tumani davlat xizmatlari markazida mazkur xizmatni yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi. Ham yangi guvohnomali bo‘ldim, ham biryo‘la boshqa xizmatlardan foydalanib, bir nechta masalamni hal qildim.
Eslatib o‘tamiz, fuqarolar “prava”ni almashtirish uchun onlayn ariza berishlari ham mumkin. Buning uchun my.gov.uz portali orqali ariza yuborish kifoya. Markazga yoki ichki ishlar organlariga borishga hojat yo‘q. Guvohnoma markaz xodimi tomonidan pochta orqali yuboriladi.
Xabaringiz bor, bunga qadar mazkur xizmat davlat xizmatlari tizimida faqatgina Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida ko‘rsatilgan. Jumladan, 2022 yilda markazga jami 7 284 ariza kelib tushgan. Joriy yilning 1-choragida mazkur ko‘rsatkich 3150 tani tashkil qilgan.
Ushbu xizmat uchun davlat boji BHMning 70 foizi (210 000 so‘m) miqdorida bo‘lib, agar pochta orqali yuboriladigan bo‘lsa pochta xizmati uchun yana 25 000 so‘m to‘lov amalga oshiriladi.