DXMda sarhisob: Bir yilda bir yarim millionga yaqin xizmat ko‘rsatildi
Viloyat Matbuot uyida viloyatda 2023 yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda FHDYo sohasida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda mavzu yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Qurbonov ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, hisobot davrida viloyatda aholiga jami 1423292 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan. Shundan 37 foizi yoki 525398 tasini onlayn xizmatlar tashkil etadi. Xususan, shu vaqtgacha fuqarolar DXMlar orqali 10451 ta ID-karta, 7298 ta xorijga chiqish biometrik pasporti hamda 10522 ta yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini olishga ulgurgan.
2023 yil davomidagi eng ommabop 3 ta davlat xizmatiga jismoniy va yuridik shaxslar uchun elektron raqamli imzo olish (294063 ta), bolalarni davlat bog‘chalariga joylashtirish (196 678 ta), sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnoma berish (85 617 ta) kirdi.
— Fuqarolar davlat xizmatlaridan yanada oson foydalanishi uchun tizimda qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda, - deydi Maqsud Qurbonov. – Markaz xodimlarining davlat xizmatlarini sayyor tarzda, joylarga chiqqan holda ko‘rsatishi shular jumlasidan. O‘tgan davrda 51 mingga yaqin xizmat shu tartibda ko‘rsatildi. Shuningdek, 85 ta yangi davlat xizmati joriy etildi. Jumladan, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazida tajriba tariqasida eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun surdo tarjimon xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday xizmat markazning barcha bo‘limlarida markazlashgan holda ko‘rsatilib, xodim zarurat tug‘ilsa, maxsus veb-kamera orqali surdo operatorlar bilan bog‘lanadi. Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq to‘lovlarda 50 foiz chegirma belgilandi.
To‘lov borasida yana ikki muhim ma’lumot: birinchisi, endi fuqarolar foydalanilgan davlat xizmati uchun to‘lovni ommabop to‘lov tizimlari orqali invoysdagi QR-kodni skanerlash yo‘li bilan amalga oshirishi mumkin. Ikkinchidan, davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) davlat xizmatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatidan uch ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, davlat xizmatini tartibga soluvchi ma’muriy reglamentda ariza vakolatli organ tomonidan rad etilgan holatlarda ham to‘lovlarni qaytarib olish mumkin. To‘lovlar soddalashtirilgan tartibda Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi.
Yana bir yangilik - o‘tgan davrda Samarqand shahri va Past Darg‘om tumani Davlat xizmatlari markazlarida “3 qadam” tamoyilining joriy etilishi. Unda xizmatlar “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratiladi. Bu tashrif buyuruvchilarning navbatda turish vaqtini qisqartirish imkonini berdi. Misol uchun, fuqarolar avval biror davlat xizmatidan foydalanish uchun o‘rtacha 30 daqiqa kutishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, ayni kunda bunga 3 daqiqa ketmoqda. Albatta, “murakkab” xizmatlar ko‘proq vaqtni talab qiladi.
Davlat xizmatlari markazi operatori, xohlang uyingizda, xohlang ish joyingizga borgan holda xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun Adliya vazirligining aloqa markaziga (1148) yoki uning rasmiy veb-sayti yoxud viloyat adliya boshqarmasining (55)701-00-55 (4038) “Ishonch telefoni”ga murojaat qilish kifoya. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlarining ish vaqti doirasida belgilanadi. Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, viloyat markazlarida 40 foizi, tuman (shahar)larda 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi. Albatta, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bu xizmatdan bepul foydalinishi mumkin.
Tizim faoliyatiga dog‘ tushirayotgan muamolar ham yo‘q emas. Jumladan, o‘tkazilgan monitoring natijasida o‘tgan yili davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida jami 14800 ta qonun buzilishi aniqlangan. Shundan, 9988 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddati buzilgan, 1642 holatda murojaatlar asossiz rad etilgan, 849 holatda ortiqcha hujjat talab qilgan bo‘lsa, 425 tasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmati ko‘rsatilgan. Raqamlarni tashkilotlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, eng ko‘p qonunbuzarlik “Samarqand suv ta’minoti” MChJ va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan (3986 ta) sodir etilgan. Keyingi o‘rinda Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi (2895 ta), qurilish va arxitektura idoralari (1742 ta) hamda sog‘liqni saqlash muassasalari (1338 ta) turibdi.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha mas’ul idoralarning rahbarlari nomiga 33 ta taqdimnoma va 633 ta ogohnomalar kiritilgan. Natijada 501 nafar aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, 56 nafarining intizomiy javobgarlikka tortilishi, 2 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga erishilgan.
Asqar Barotov.