Endi nizoni sudsiz, beg‘araz hal etish ham mumkin

Shu yil 20 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan “Nizolarni muqobil hal etishda mediasiya institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.
Bu hujjat orqali amaldagi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonundagi asosiy yangiliklar fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari va tashkilotlar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha bo‘lgan bosqichda tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Xo‘sh, mediatsiya nima uchun kerak?
Mediatsiya — bu taraflar o‘rtasidagi nizoni sudga chiqmasdan, beg‘araz vositachi — mediator yordamida hal etish jarayoni. Ushbu jarayonning asosiy afzalligi vaqt, mablag‘ va resurslarni tejash, taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishdan iborat.
Qonunga kiritilgan yangi tartiblar mediasiya institutini amaliy jihatdan yanada samarali ishlatishga xizmat qiladi.
Qonunga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarga ko‘ra, mediatorlar reyestri yangicha shaklda yuritilib, endilikda har bir mediator haqidagi ma’lumot yagona elektron tizimda saqlanadi. Bu fuqarolarga ishonchli, malakasi tasdiqlangan mediatorni tanlash imkonini beradi.
Mediatorlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi takomillashtirilib, mediator faoliyatini boshlash uchun maxsus o‘quv kurslarini tugatish va sertifikat olish shart etib belgilandi.
Sud ishlari bo‘yicha mediasiyani taklif qilish majburiy tartibga kiritilib, sud ishni ko‘rib chiqishdan oldin taraflarga mediasiya imkoniyatini tushuntirishi shart bo‘ladi. Bu bilan sud ishi boshlanmasidanoq taraflar kelishuvga erishishi mumkin.
Mediatsiya jarayonida tuzilgan kelishuv huquqiy kuchga ega. Mediator ishtirokida imzolangan kelishuv endi sud qaroriga o‘xshash kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjat hisoblanib, bu taraflar o‘rtasidagi kelishuvni yanada ishonchli va amaliy jihatini oshirishga xizmat qiladi.
Mediator faoliyatining huquqiy javobgarligi aniq belgilanib, u o‘z vakolatidan chetga chiqsa yoki betaraflik tamoyilini buzsa, uning faoliyatini to‘xtatish yoki litsenziyasini bekor qilish choralari belgilanadi.
Mediatsiya jarayonidagi ma’lumotlar sir saqlanishi shart. Mediator va taraflar muzokaralar davomida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etmaslik majburiyatini oladi.
Mediatsiya institutining takomillashuv sudlar ish yuklamasini kamaytirish, insonlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Muhimi, endi fuqarolar, tadbirkorlar va tashkilotlar o‘rtasidagi nizolarni sudsiz, adolatli va tinch yo‘l bilan hal etish imkoni yanada kengaydi.
Qisqacha aytganda, yangi Qonun fuqarolar manfaatini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.
Bobur Tojiboyev,
Samarqand shahar iqtisodiy sudi sudyasi.