O‘zbekistondan jahon chempionati sari promo-sayohat
2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati doirasida O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash maqsadida “Uzbekistan Road Trip to World Cup 2026” (O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionatiga sayohat) nomli xalqaro promo-tur loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu promo-tur doirasida o‘zbekistonlik taniqli blogerlar tomonidan mamlakatimiz hududlarining turistik salohiyati, boy madaniy merosi hamda diqqatga sazovor maskanlari keng yoritilib, xalqaro auditoriyaga mo‘ljallangan media-kontentlar tayyorlanyapti hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etilmoqda.
Xususan, bugun O‘zbekiston terma jamoasining fan klub rahbari Abdurahmon Fozilov boshchiligida bir guruh ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlar Samarqand shahridagi diqqatga sazovor maskanlar, jumladan, Registon majmuasi, Bulung‘ur tumanidagi Sheroz qal’a yodgorligi, Samarqand tumanidagi Mironqul, Urgutdagi Chorchinor va boshqa hududlardan lavhalar tayyorlamoqda.