Raqamlashtirish va xavfsizlik: ishonch sinovdan o‘tyaptimi?
Har yilgi odatimga ko‘ra, yil boshlaridan barcha soliqlardi to‘lash uchun tuman soliq inspeksiyasiga bordim. Soliq idorasida naqd pulda soliqlarni to‘lasang o‘sha yerda o‘tiradigan idora (pochta xodimlari deb tanishtirishgan) xodimlari (adashmasam 3 foiz) komissiya olishadi.
Raqamli texnologiyalarga shubham borligi uchun inspeksiya xodimidan plastik kartamdan soliqlarni to‘lashda yordam so‘radim. Bir nechta ob’yekt uchun to‘lov qilish jarayonida kartamdan o‘sha paytdagi narx bo‘yicha deyarli uch yillik solig‘imga teng miqdordagi mablag‘ yechildi. O‘sha paytda bunga e’tibor bermagandim, soliqda ortiqcha to‘lov bo‘lib turadi, deb o‘ylagandim. Yana vaqt bo‘lib, tuman inspeksiyasiga borib tekshirtirsam, hisobimda bunday summa yo‘q. Xizmat ko‘rsatuvchi bankda plastik kartochkamni “oborotka”sini ikki marotaba chuqurlashtirilgan tekshirib ko‘rishdi, mablag‘ soliq tizimiga o‘tgan, lekin hisobga tushmagan. Tuman soliq inspeksiyasida, keyin viloyat soliq boshqarmasida, natija bo‘lmagach ular orqali respublika Soliq qo‘mitasidan ham tekshirishdi. Mablag‘ o‘rni bilan yo‘q.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi murojaatimga javoban “Siz “Uzum Bank” ilovasi orqali pul mablag‘i o‘tmaganligi yuzasidan murojaat qilgansiz va bu bizning vakolatimizga kirmaydi”, deya javob berdi. Vaholanki, men ortiqcha to‘lov yechilganligi yuzasidan murojaat qilganman, ularning javobi esa...
“Uzum Bank” xodimlari esa “chuqur” tekshiruvlardan so‘ng “Bizda bunday o‘tkazma va hattoki o‘sha kuni ilovamiz orqali umuman o‘tkazmalaringiz mavjud emas” deyishdi. Hozir yana soliqdan qarzdorlik kelyapti.
Bu menga murojaat qilgan bir fuqaroning gaplari. Rosti, ish faoliyatim davomida fuqarolardan shunga o‘xshash murojaatlarni ko‘p eshitaman. Endi o‘ylab ko‘raylik. Hozir barcha ma’lumotlarimiz raqamlashtirilyapti, hattoki naqd pulda to‘lovlar cheklanib, plastik kartada mablag‘ saqlash zarurati tug‘ilmoqda. Lekin tanganing ikkinchi tomoniga ham kimdir e’tibor qaratadimi?
Yaqinda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari tugab ulgurmasdan ma’lumotlar o‘g‘irlangani e’lon qilindi. Orada mobil raqamlar xorijda sotuvga chiqqanligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. 2028 yilgacha davom etadigan o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va ularda qurilgan bino-inshootlardagi xatlovlar ham elektron bazaga kiritiladi. Kunda bo‘lmasa-da, orada kiberfiribgarlar plastik kartalardan pul yechayotgani, sodda odamlarning ma’lumotlarini o‘g‘irlayotgani haqida eshatamiz. Ma’lumotlarimiz himoyasini ta’minlay olmasak, nega raqamlashtiryapmiz.
Endi yuqoridagi holatga to‘xtalsak. Mutaxassislarimiz har qanday holatda ham raqamli pulning “izini” topish mumkinligini aytishadi. Bu turli o‘g‘irliklarning oldini olishda qo‘l kelishini ta’kidlashadi. Lekin fuqaroning mablag‘i yechilganiga bir yildan oshibdiki, hamon sarson. Vakolatli idoralar murojaatga teskari javob bersa, maqtalgan raqamli bank o‘zkazma mavjud emas, deb tursa. Har bir o‘tkazilgan mablag‘ning o‘tkazish raqami, qayerga o‘tkazilganligi aniq ko‘rsatiladi. Shular bilan ham pul o‘tkazmasini aniqlay olmasak, ma’lumotlarimizni himoyalay olmasak, hujjatlarimiz, mablag‘larimizni raqamlashtirish kimga kerak?
O‘ktam Xudoyberdiyev.