Jomboyda 84 yoshli otaxonga O‘zbekiston fuqaroligi berildi

Jomboy tumanining Ahmadjon Qurbonov nomli mahallasida yashovchi 84 yoshni qarshilagan Bahodir Niyozovga fuqarolik pasporti berildi.

Shu yurtda tug‘ilib, nafaqa yoshiga yetgan otaxon O‘zbekiston fuqaroligini olishni uzoq yil kutgan edi.

- Oilada yetti farzand edik. Aka-ukalarim qatorida bo‘lishni doim istaganman. O‘zga yurtda o‘qib, bir muddat ishlab qaytgach, ne sinovlarni ko‘rmadim? Ammo umid bilan yashadim, tuman yo‘l qurilish korxonasida mehnat qildim. Hozirgi quvonchimni ifodalab berolmayman. Shu kunlarni ko‘rsatganiga shukur, - deydi B.Niyozov.

Bahodir Niyozov 1937 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 2021 yil yanvar oyi boboning hayotida unutilmas kun bo‘ldi. Prezident qarori bilan otaxonga va yana 29 nafar jomboylik yurtdoshlarimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.

Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.