2023 yil 1 yanvardan biometrik pasportni ID-kartaga almashtirish majburiy tartibda amalga oshiriladi
Yangi tug‘ilgan bolaga, O‘zbekiston fuqarosiga, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga va xorijiy fuqaroga belgilangan namunadagi identifikatsiya ID-kartasi beriladi.
ID-karta shaxsni, fuqarolikni tasdiqlaydigan hujjat hisoblanib, O‘zbekiston hududida foydalaniladi. ID-karta 10 yil muddatga beriladi.
ID-karta rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizini tashkil etadi (218 ming 050 so‘m).
O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi ularning amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar haqiqiydir. Ushbu hujjatlarning egalari ularni belgilangan tartibda ID-kartaga almashtirish huquqiga ega.
Biometrik pasportni ID-kartaga almashtirish:
- 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida;
- 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.