Fuqarolar pasportini olish uchun doimiy yashash joyiga murojaat qilishi shart emas

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish fuqarolarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.

Bu amaliyot davlatimiz rahbarining joriy yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 1 iyundan joriy qilingan.

Qayd etish lozimki, bo‘limimizda o‘tgan 13 kun ichida boshqa viloyatlarning shahar-tumanlaridan xorijga chiqish biometrik pasporti olish uchun 550 dan ziyod arizalar qabul qilindi. Murojaat qilganlarning 400 dan ko‘prog‘iga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib berilib, qolganlari ko‘rib chiqilmoqda.

Asosiysi, yuqorida qayd qilingan farmonda belgilangan talab va qoidalar televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali hamda tadbirlarda aholi orasida keng targ‘ibot-tashviqot qilinmoqda.

Olim Norqulov,

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i.