ID-karta yoki pasport olishda sug‘urta to‘lovi olinishiga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar IIBBning ayrim migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida (pasport stollarida) sug‘urta polisi mavjud bo‘lmagan taqdirda xorijga chiqish pasporti va ID-kartalarni rasmiylashtirmayotganligi yoki buni rad etayotganligi haqida xabar tarqalgan edi.
Mazkur xabarga nisbatan Gross insurance kompaniyasi murojaat yo‘lladi.
Ushbu sug‘urta mahsuloti faqat ixtiyoriy asosda, mijozning roziligiga ko‘ra sotiladi. Mazkur mahsulot amaldagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xorijga chiqish pasporti yoki ID-kartani yo‘qotilishi va shikastlantirilishi tavakkalchiliklarini qoplab beradi.
Polis qiymati 50 ming so‘mni tashkil etadi, buning evaziga 10 yil davomida kompaniyamiz tomonidan xorijga chiqish pasporti va ID-kartalari egalariga ular yo‘qotilishi yoki shikastlantirilishi munosabati bilan 500 ming so‘m doirasida xarajatlar kafolatlangan holda qoplab beriladi. Ya’ni, hujjat yo‘qotilgan va shikastlantirilgan taqdirda, kompaniya hujjatlarni qayta tiklash xarajatlari summasi fuqaroga bizning sug‘urtamiz hisobiga qoplab beradi.
Qayd etilishicha, faqat so‘nggi 2 oy davomida hujjatlar yo‘qotilganligi yoki shikaslantirilganligi sababli mijozlar murojaat qilganligi munosabati bilan kompaniya tomonidan 50 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilgan. Ayrim hollarda bolalar xorijga chiqish pasporti betini tasodifan yirtib yuborgan yoki boshqa hollarda qahva to‘kib yuborilgan, shuningdek barcha kartalar bilan birga hamyon yo‘qotilishi hollari ham uchragan.
Qulay sharoitlar va sug‘urta xizmatlaridan foydalana olish imkoniyatini yaratish maqsadida mazkur loyiha IIV huzuridagi ’’Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlarini ko‘rsatish markazi’’ davlat unitar korxonasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
“Ushbu xizmat fuqarolarga ixtiyoriy asosda ko‘rsatilayotganligini yana bir bor eslatib o‘tgan holda ishontirib aytamizki, bildirilgan fikrlar albatta o‘rganib chiqiladi va tegishli choralar ko‘riladi hamda servis sifatini yaxshilashda inobatga olinadi.