Samarqandda musiqa maktabini bitirganlik to‘g‘risida guvohnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Shu yilning 5 noyabr kuni Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, departament va IIB xodimlari tomonidan Past Darg‘om tumani Juma shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida mazkur tumanda yashovchi S.A. o‘zini Past Darg‘om tumanidagi 11-sonli musiqa va san’at maktabi direktori deb tanishtirib, viloyat madaniyat boshqarmasidagi tanishi orqali mazkur musiqa maktabini bitirganligi to‘g‘risidagi guvohnoma tayyorlab berish evaziga mahalliy fuqarodan pora tariqasida 3 million so‘m naqd pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Fuqaro S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.