Ta’limda gender tengligi: vazirlikda qancha xotin-qiz ishlaydi, Samarqanddagi oliygohlarda-chi?

Sohada gender tengligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab kelinmoqda.
Ayniqsa, qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilishi, stipendiya dasturlarining joriy etilishi, maktablarda ularni ilm-fan va texnika yo‘nalishlariga jalb qilish bo‘yicha turli tashabbuslarning amalga oshirilishi keyingi yillardagi muhim natijalardan dalolat beradi.
Masalan, 2023 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida qizlar uchun 4 mingdan ortiq qo‘shimcha davlat granti ajratildi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy qilindi.
Biroq ta’limda gender tengligi borasida yechimini kutayotgan muammolar ham talay. Avvalo, oliy ta’lim muassasalarida yo‘nalishlar kesimida katta tafovutlar kuzatilmoqda. Masalan, Toshkent davlat transport universitetida talabalarning qariyb 92 foizini erkaklar tashkil etsa, texnik yo‘nalishlarda o‘qiyotgan ayollarning ulushi 11–14 foizdan oshmaydi. Aksincha, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarning 84 foizi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida esa 74 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Hududlar kesimida ham tafovut yaqqol seziladi: masalan, Farg‘ona davlat universitetida ayollar ulushi 65 foiz bo‘lsa, ayrim chekka viloyatlardagi texnik institutlarda bu ko‘rsatkich ancha past darajada qolmoqda. Bunday tafovut qizlarning ko‘proq an’anaviy yo‘nalishlarni – pedagogika, til va adabiyot, tibbiyot tanlashiga, texnika va IT kabi zamonaviy sohalarda esa ularning ishtirokining pastligicha qolishiga olib kelmoqda. Natijada, iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan muhandislik va texnologiya yo‘nalishlarida ayollar yetarli darajada ishtirok etmayapti.
Samarqand oliygohlari bo‘yicha ma’lumotlarga ham e’tibor qaratish lozim. Masalan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 2022–2023 o‘quv yilida 1120 nafardan ortiq qizlar bitirgan bo‘lib, ulardan 913 nafari bakalavr, 25 nafari magistr. Shu bilan birga, universitetdagi professor-o‘qituvchilar tarkibida ayollarning ulushi 53 foizni tashkil etadi. Biroq texnik yo‘nalishlarda ulushi hali ham past: 2021–2022 o‘quv yilida bakalavr darajasini olganlarning atigi 20 foizini, magistratura bitiruvchilarining esa 34 foizini ayollar tashkil qilgan.
Umuman olganda, Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning umumiy soni 84 mingdan ortiq bo‘lsa, ulardan taxminan chorak qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu raqamlar hududiy miqyosda ham gender tafovutlarini bartaraf etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim jihat shundaki, o‘qituvchilar orasida ayollar salmoqli o‘rin egallaganiga qaramay, oliy ta’lim muassasalari va maktablarda rahbarlik lavozimlarida ularning ulushi juda kam. Oliy ta’lim vazirligining 2024 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, universitet rektorlari orasida ayollar ulushi atigi 7 foizni tashkil etadi. Bu esa ayollarni boshqaruv lavozimlariga tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish zaruratidan dalolat beradi. Qishloq joylarda esa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar dolzarbligicha qolmoqda. Xususan, yotoqxona va transport imkoniyatlarining cheklanganligi ko‘plab qizlarning oliy ta’lim olishiga jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro tajriba shundan dalolat beradiki, gender tengligini ta’minlash ta’lim sifati oshishi va iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Shvetsiya universitetlarida talabalarning 54 foizini ayollar tashkil etadi, texnika va IT yo‘nalishlarida ham ularning faolligi yuqori. Daniyada “STEM for Girls” dasturi orqali qizlarning matematika, muhandislik va texnologiyaga qiziqishi ortib bormoqda. Norvegiyada ayollar oliy ta’lim muassasalarida talabalar umumiy sonining qariyb 60 foizini tashkil etadi, bunda davlatning ta’lim va ish bozorida teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan siyosati katta ahamiyat kasb etmoqda. Finlandiyada esa gender tengligi davlat ta’lim siyosatining ajralmas qismi bo‘lib, maktablarda qizlar va o‘g‘il bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bugun gender tengligi masalasi nafaqat ijtimoiy adolat, balki mamlakatning iqtisodiy va intellektual taraqqiyoti bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Shu bois, O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini oshirish, pedagog xotin-qizlar uchun yetakchilik va malaka oshirish dasturlarini joriy etish, shuningdek, qizlarni texnika va IT kabi zamonaviy yo‘nalishlarga keng jalb etish zarur.
Dildora Nutfiyeva,
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xorijiy tillar ta’limi kafedrasi katta o‘qituvchisi.