YuNESKOning yangi Bosh direktori Samarqandda tasdiqlanadi

Parijda o‘z ishini yakunlagan YuNESKO Ijroiya qo‘mitasining 222-sessiyasi tashkilotning yangi Bosh direktori lavozimiga 54 yoshli Misr fuqarosi Xaled el-Enani nomzodini tavsiya etdi.
Ovoz berish jarayonida Xaled el-Enani nomzodi yalpi ko‘pchilik ovoz (55 tarafdor va 2 ovoz qarshi) olishga muvaffaq bo‘ldi.
Xaled el-Enani - misrlik olim, sobiq Turizm va qadim ishlari vaziri. U o‘z saylovoldi targ‘ibotini "UNESCO for the People”, ya’ni “YuNESKO xalq uchun” shiori ostida olib bordi. Tashkilotni xalqlarga yanada yaqinlashtirish, ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalariga birlamchi ahamiyat qaratishga da’vat etdi. Bosh direktor lavozimiga rasman tasdiqlanganidan so‘ng “Kelajak ta’limi”, “Intellektual meros”, “Bioxilma-xillik”, “Etika va sun’iy intellekt” kabi yo‘nalishlarga alohida ahamiyat qaratishini ma’lum qildi.
Xaled el-Enani tashkilotning moliyaviy holatini mustahkamlash masalasiga ham birlamchi e’tibor qaratishini bildirdi. Bu juda muhim masala hisoblanadi, chunki 2018 yilda AQSh YuNESKOdan rasman chiqib ketganidan so‘ng tashkilot o‘z dastur va loyihalarini moliyalashtirishda qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Xaled el-Enani nomzodi joriy yilning 30 oktyabr – 12 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YuNESKOning 43-sessiyasida tasdiqlanishi kutilmoqda.