30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi fuqarolardan sport sinovlarini qabul qilish boshlandi

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida 11 ta yosh toifasi bo‘yicha «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari olinmoqda.
Sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini bajarish uchun mahalla va maktablarda sport inshootlari tanlab olingan bo‘lib, ishtirokchilar uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajarmoqda.
Bugun Samarqand shahridagi o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabidagi studiyadan bir vaqtda respublikamizning barcha hududida 30–70 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolardan sport sinovlarini qabul qilishga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov, viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev va viloyat sportiga mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.
- Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha 471 ming 919 nafar, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha 4563 nafardan ziyod fuqaro sport sinovlarini topshirdi, - deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov. - Oktyabr-noyabr oylarida 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinadi.
Jismoniy tayyorgarlik me’yorlarini bajargan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyoti joriy etilgan bo‘lib, my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimiga joylashtirib borilmoqda.
Ushbu sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanyapti. Shuningdek, g‘oliblarga ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik beradigan sertifikatlar berilyapti.