O‘quvchilar davomati: e-maktab’da 100 foiz, aslida-chi?

Bugun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning davomati ko‘ngildagidek emas. Ayniqsa, ayrim yuqori sinf o‘quvchilari oliy ta’lim muassasasiga kirish maqsadida maktab rahbariyati bilan kelishib, maktabga emas, o‘quv markazlariga qatnamoqda.
Toyloq tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilar davomatini o‘rgandik.
Maktab tumandagi Navbahor mahallasida joylashgan bo‘lib, sig‘imi 246 o‘ringa ega, biroq bola soni ko‘pligi bois 495 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Tabiiyki, ikki smenada o‘qiydigan o‘quvchilar uchun maktabda qo‘shimcha dars va to‘garaklar o‘tishga sharoit yo‘q. Hatto o‘qituvchilar xonasidan ma’naviyat va kompyuter xonasi sifatida foydalanib kelinyapti.
Dastlab maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulioy Rajabova bizga yangi o‘quv yili boshlanganidan buyon o‘quvchilar davomati 100 foiz ekani va ushbu ko‘rsatkichni har kuni e-maktab platformasiga kiritishini aytdi. Davomat haqida Toyloq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga va tuman ichki ishlar bo‘limiga kunlik hisobot berishini bildirdi.
Biz borgan kuni, ya’ni 23 sentyabr holatiga o‘quvchilar davomati 98 foiz ekani, ayrim o‘quvchilar kasalligi tufayli darsga kelolmaganini aytdi.
Asosan yuqori sinflar davomati bilan qiziqdik. Maktabda uchta 10-sinf va bitta 11-sinf bo‘lib, ularda 87 nafar o‘quvchi ta’lim olar ekan.
10 “A”-sinfida 22 nafar o‘quvchi bo‘lib, darsga 16 nafari kelgan. Ulardan 2 nafari betob, 2 nafari sababsiz kelmagan, 2 nafari maktab rahbariyatidan javob olib, “repetitor”ga ketibdi.
10 “B”-sinfida 21 nafar o‘quvchi bo‘lib, ulardan 13 nafari darsga kelgan. Direktor o‘rinbosarining aytishicha, 3 nafari javob olgan, 5 nafari “repetitor”ga ketgan. Mantiqan olib qaraganda, qo‘shimcha darsga ketganlar ham maktab rahbariyatidan javob so‘ragan. Xullas, bir sinfdan 8 nafar o‘quvchiga javob berib yuborilgan.
10 “D”-sinfida 23 nafar o‘quvchidan 15 nafari darsga kelgan. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi kelmagani uchun bu sinf o‘quvchilarini matematika muallimi Bahora Bozorova sinfda olib o‘tiribdi. Xullas, ushbu sinfda dars ham tayinli bo‘lmayotgani oydinlashdi.
- Oxirgi soatlarimizga jismoniy tarbiya, ChQBT (chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) kabi muhim bo‘lmagan fanlarni qo‘yganmiz, - dedi direktor o‘rinbosari G.Rajabova. – O‘quv markazlariga boradigan o‘quvchilarga o‘sha darslarda o‘zimiz javob beramiz. Sababi, yuqoridagilar bizdan o‘quvchilar “repetitor”ga boryaptimi, deb so‘rashyapti.
Direktor o‘rinbosarining gapiga qaraganda, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan o‘quvchilarni darsga emas, o‘quv markazlariga borishi haqida topshiriq berilayotgan emish. Shuning uchun 11-sinfning mavjud 21 nafar o‘quvchisidan 18 nafari darsga kelgan. Xullas, maktabda 10-11-sinflarda jami 25 nafar o‘quvchi darsda yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Bu maktab o‘quvchilarining salkam 5 foizi degani. Biz boshqa sinflarda betobligi yoki boshqa sabab bilan maktabga kelmagan o‘quvchilarni qo‘shganimiz yo‘q.
Ushbu holatdan “bizda o‘quvchilar davomati 100 foiz”, deb turgan direktor o‘rinbosari mulzam bo‘ldi. Aslida unda ham ayb yo‘q, u buyruqni bajaryapti, ya’ni “repetitor”ga boradigan yuqori sinf o‘quvchilarini darsdan ozod qilyapti. Chunki maktab rahbarlarining maqsadi, nima bo‘lsa ham bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichini oshirish, maktab reytingini ko‘tarish bo‘lib qolyapti.
To‘g‘ri, maktab reytingini ko‘tarish kerak. Ammo bu harakat dars vaqtida o‘quvchilarga javob berib yuborish bilan amalga oshirilmasligi lozim. O‘quvchi darsdan keyin ham qo‘shimcha darslarga borishi mumkin-ku! Darsdan keyin o‘quvchida yetarlicha vaqt bo‘ladi. Biroq buni tushunmaydigan rahbarlar maktab ta’limini pisand qilmasdan, o‘quvchilarni “repetitor”ga borishini talab qilayotgani achinarli hol.
Aslida, ushbu muammo bugun deyarli barcha maktablarda mavjud. Buning oldini olish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilib, milliy gvardiya xodimlari maktablarda o‘quvchilarning darsga kelishini nazorat qila boshladi. Bu holat ba’zilarga yoqmadi, albatta.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, maktab o‘quvchilarining davomatini nazorat qilish yana ichki ishlar organlariga yuklatildi. Endi o‘quvchi maktabga kelmasa, uning sinf rahbari bu haqda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosariga aytadi. Direktor o‘rinbosari darsga kelmagan o‘quvchi haqida ichki ishlarga xabar beradi.
Qonunchilikka ko‘ra, bola maktabga kelmasa, ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortiladi, ya’ni ularga jarima qo‘llanishi belgilangan. Respublikamizda 2025 yilning yanvariga qadar bolasi maktabga bormagan ota-onalarga 44 450 ta ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan. 175 mingga yaqin ota-onalarga ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Masalaning xavfli tomoni shundaki, o‘quvchilarda “repetitor”ga borsam o‘qishga kirar ekanman, maktab yetarlicha ta’lim bermaydi, degan fikr shakllanyapti. O‘quvchi aslida bilim poydevorini maktabdan olayotganini unutib qo‘yyapti.
Nima bo‘lgan taqdirda ham maktabda qat’iy intizom bo‘lishi, o‘quvchi vaqtida darslarga qatnashishi lozim.
Xurshida ERNAZAROVA.